6 fevral yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Shahvatparast er-xotin ishiga protest, xorijga chiqqan pensionerning to‘xtatiladigan pensiyasi, O‘zbekistonda kambag‘allikning yangi chegarasi va quruvchilarni onlayn tekshirish imkoniyati — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
13 yoshli qizga shilqimlik ishi: prokuratura protest kiritdi
Asaka tumanida 13 yoshli qo‘shni qizga shahvoniy shilqimlik qilgan er-xotin ishi sudda qayta ko‘riladi. Bosh prokuratura ushbu ma’muriy ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlariga protest kiritganini ma’lum qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak va uning turmush o‘rtog‘i 2024 yil 9 noyabr kuni voyaga yetmagan qo‘shni qizni jinsiy aloqaga majburlashga uringan va pul taklif qilgan. Qiz ulardan qochib, yordam so‘ragan. Sud bu holatni ma’muriy huquqbuzarlik deb topib, erkakka 5 sutka qamoq, xotiniga esa 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlagandi.
Bosh prokuratura ishni o‘rganib, qaror qonuniyligiga shubha qilgan va Oliy sudga protest kiritgan. Sud qarori taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Xorijga chiqqanda pensiya to‘xtatiladimi?
Pensiya jamg‘armasi xorijda uzoq vaqt bo‘lib turgan pensionerlarning pensiya to‘lovlari haqida tushuntirish berdi.
Agar pensioner 3 oydan ortiq muddat O‘zbekistonda bo‘lmasa, uning pensiyasi vaqtincha to‘xtatiladi. Uzoq vaqt xorijda bo‘lib, O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng, u 24 oylik to‘lanmagan pensiyasini olish huquqiga ega.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, pensiyani olish uchun fuqaro O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilishi talab etiladi. Murojaat qilinganidan oldingi 24 oy uchun pensiya to‘lab beriladi.
Bu tartib «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga asoslanadi.
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi
O‘zbekistonda bir kishi uchun bir oylik minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘m etib belgilandi. Bu 2024 yilda amal qilgan 648 ming so‘mdan 3,2 foizga, bir yil oldingi 621 ming so‘mdan esa 7,7 foizga ko‘p. Biroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilgi inflatsiya 9,8 foizni tashkil etgan.
Minimal iste’mol xarajatlari kambag‘allik chegarasi sifatida qabul qilinadi – daromadi shu summadan past bo‘lgan oilalar rasman kambag‘al hisoblanadi. Prezident qaroriga ko‘ra, Statistika agentligi minimal iste’mol xarajatlari summasini 20 yanvargacha e’lon qilishi kerak edi, biroq bu jarayon ikki haftaga kechikdi.
Bu ko‘rsatkichga bog‘langan ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalar qachon oshirilishi hali aniq emas.
Bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yakunida kambag‘allik darajasi 11 foizdan 8,9 foizga tushgan. 2024 yil davomida O‘zbekstonda kambag‘allar soni 719 ming kishiga kamayib, 3,3 mln nafarni tashkil etgan.
Quruvchilarni onlayn tekshirish imkoniyati
O‘zbekistonda 2025 yil 1 iyuldan uy-joy qurilishi bo‘yicha elektron platforma ishga tushiriladi. Unda quruvchilar o‘z loyihalari haqidagi barcha zarur ma’lumotlarni joylashtirishi kerak bo‘ladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, «Shaffof qurilish» tizimi doirasida tuziladigan bu platforma orqali ulushdorlar quruvchilarning ishonchliligini tekshirish imkoniga ega bo‘ladi. Quruvchilar binoning manzili, qavatlar soni, moliyalashtiruvchi bank va qurilish holati kabi ma’lumotlarni taqdim etishi talab qilinadi.
Elektron tizimga ma’lumot joylashtirmagan quruvchilarning shartnomalari notarial tasdiqlanmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Bu talablarga rioya qilmagan holda faoliyat yuritgan quruvchilar qonunchilik asosida javobgarlikka tortiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga yangi vakolatlar
Oliy Majlis deputatlari aholi orasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.
Hujjatga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi osh tuzini yodlash uchun foydalaniladigan preparatlar va sanitariya normalari bo‘yicha talablarni belgilash, shuningdek, yodlangan mahsulotlar ishlab chiqarish, tashish va sotish jarayonlarini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lishi mumkin.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun aholini xavfsiz va sifatli yodlangan tuz bilan ta’minlash, yod yetishmasligi bilan bog‘liq kasalliklarni kamaytirish hamda yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Yanvar oyi uchun «Palov indeksi»
Statistika agentligi 2025 yil yanvar oyidagi «Palov indeksi»ni e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda oshning eng qimmat porsiyasi Toshkent shahrida qayd etilgan — 35 700 so‘m. Eng arzon osh esa Namangan viloyatida — 23 ming so‘m.
O‘rtacha narxlar hududlar kesimida quyidagicha shakllangan:
Toshkent oshxonalaridagi narxlar o‘tgan yilga nisbatan sezilarli oshib, boshqa hududlar bilan solishtirganda ancha yuqori ekani ko‘rinmoqda.
Mavzuga oid

21:38 / 12.03.2025
12 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

21:01 / 11.03.2025
11 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

00:19 / 08.03.2025
7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

20:30 / 06.03.2025