Suyak yemirilishini davolaydigan gel ishlab chiqildi
Osteoporozni davolashda qo‘llanadigan an’anaviy dorilar ta’siri odatda bir yildan so‘ng sezila boshlaydi. Yangi vosita esa atigi ikki hafta ichida suyaklar zichligini oshiradi.

Foto: flowbone/EPFL LBO
Inson organizmida ikki turdagi hujayralar o‘rtasida muvozanat buzilganda osteoporoz rivojlanadi: suyaklarni shakllantiruvchi osteoblastlar va ularni parchalovchi osteoklastlar. Osteoklastlar skelet tuzilishini o‘zgartirib, uning mustahkamlanishiga yordam beradi. Biroq osteoklastlar soni osteoblastlardan oshib ketganda, suyak to‘qimasi yo‘qola boshlaydi. Natijada suyaklar mo‘rtlashib, zaiflashadi.
Hozirgi kunda ushbu kasallikni davolash uchun eski suyak to‘qimasining yemirilishini sekinlashtiradigan yoki yangi suyak to‘qimasining shakllanishini tezlashtiradigan dori vositalari qo‘llanadi. Ammo bunday dorilarning ta’siri faqat 12 oydan so‘ng namoyon bo‘lishi mumkin. Bu davrda bemor jiddiy jarohatlar olishi xavfi bor. Shuningdek, dorilarining nojo‘ya ta’sirlari bo‘lishi ham mumkin, ba’zi odamlarga esa ular umuman ta’sir qilmaydi.
Muammoni hal qilish uchun Shveytsariyaning EPFL universiteti olimlari maxsus gidrogel yaratdi, deb xabar bermoqda New Atlas. Bu modda tarkibida organizmning biriktiruvchi to‘qimasi tomonidan ishlab chiqariladigan gialuron kislotasi hamda suyaklarning asosiy qurilish materiali hisoblanadigan gidroksiapatit nanozarrachalari mavjud.
Laboratoriya sinovlarida gel suyak massasini yo‘qotayotgan kalamushlarga yuborildi. 2-4 hafta ichidayoq inʼeksiya qilingan joylardagi suyak to‘qimasining zichligi 2-3 barobar oshdi. Yana bir guruh kalamushlarda esa avvaliga suyak to‘qimasi hosil bo‘lishini rag‘batlantiradigan standart gormonal muolaja o‘tkazildi. So‘ng ularga suyaklarning yemirilishini sekinlashtiradigan preparat bilan aralashtirilgan gidrogel yuborildi. Natijada ushbu hayvonlarda suyak to‘qimasining zichligi 4,8 barobarga oshdi.
Bunday yondashuvda gormonlarning salbiy ta’siri saqlanib qolishi mumkin bo‘lsa-da, muolaja eski davolash usuliga nisbatan ancha qisqa muddatda samara beradi. Gel nazorat organlari tomonidan tasdiqlansa, olimlar uni odamlarda sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq AQShning Stanford universiteti olimlari qoqsholga qarshi emlash uchun krem ishlab chiqargandi. Vaksinaning asosini inson terisida uchraydigan bakteriya tashkil etadi. U sichqonlarda sinab ko‘rildi.
Mavzuga oid

15:29 / 03.03.2025
Avstraliyada 2,4 mln chaqaloqning hayotini saqlab qolgan donor vafot etdi

15:11 / 27.02.2025
Olimlar 1-tur diabetni butunlay davolash yo‘lini topdi

12:07 / 22.02.2025
Yaponiyalik olimlar hidlarni aniqlay oladigan dron yaratdi

15:15 / 19.02.2025