O‘zbekiston | 20:47 / 30.01.2025
3571
6 daqiqa o‘qiladi

30 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Islom Karimov xotirasiga gulchambarlar, prezidentning Islom sivilizatsiya markaziga tashrifi, aholidan sotib olingan «yashil» energiya va gazlashmagan xonadonlarga elektrdan imtiyozli tarif — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Islom Karimov xotirlandi

Bugun O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tug‘ilgan kun. Shu sababli Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident administratsiyasi va hukumat vakillari, ziyolilar va shahar jamoatchiligi ham qatnashdi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan birinchi prezidentning xotirasi abadiylashtirildi, u tavallud topgan 30 yanvar har yili nishonlanadigan bo‘ldi. Toshkentda ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi.

«Bu keyingi avlodlar uchun ham ibrat va namunadir. Marosimda ana shunday ehtirom va birdamlik namoyon bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Tadbir davomida Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi. Birinchi prezidentning xalq manfaati yo‘lida qilgan ishlari, fazilatlari yodga olindi. Islom Karimovni xotirlash uchun tadbirlar Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazildi.

Islom sivilizatsiyasining yangi ramzi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan tanishdi.

Davlat rahbari bu majmua yurtimizdagi islom madaniyatiga oid bir necha ming yillik merosni bir joyda mujassam etishini va uning xalqimiz tarixida tutgan o‘rnini ta’kidladi.

U yerda Qur’oni karim zali tashkil qilinib, unda Usmon Mushafi va qadimiy muqaddas kitoblar saqlanadi. Shuningdek, Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Navoiy, Bobur, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar va ularning ilmiy merosi haqida keng ma’lumotlar taqdim etiladi.

Prezident bu majmuaning vazifasi faqat o‘tmishni o‘rganish emas, balki islom ta’limoti orqali taraqqiyot va ma’rifatni yoyish ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, markaz jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, milliy o‘zlikni anglash va dunyoga tanitish maqsadida faoliyat yuritishi zarurligini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev bu majmuani Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik ramzi sifatida baholab, uning mazmun-mohiyatini boyitish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Aholidan 12 mlrd so‘mlik «yashil» energiya sotib olindi

O‘zbekistonda «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida aholidan 12 mlrd so‘mlik quyosh energiyasi xarid qilindi.

2023 yil 1 apreldan boshlab, xonadonlarga quyosh panellari o‘rnatgan fuqarolarga ishlab chiqarilgan va yagona elektr tarmog‘iga uzatilgan har bir kWh uchun 1000 so‘m subsidiya ajratish belgilangan.

2024 yilda 10 826 nafar fuqaro dasturdan foydalanib, 12,18 mln kWh energiyani elektr tarmog‘iga uzatgan. Bu uchun davlat budjetidan 12,1 mlrd so‘m subsidiya to‘langan.

Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahri subsidiya olish bo‘yicha yetakchi hududlar bo‘lgan.

Gazlashmagan xonadonlarga imtiyozli tarif joriy etiladi

O‘zbekistonda tabiiy gazga ulanmagan, elektrlashtirilgan xonadonlar uchun imtiyozli elektr energiyasi tariflari joriy etiladi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov prezident huzuridagi yig‘ilishdan so‘ng ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi iste’moli oshishi bilan birga, elektrlashtirilgan xonadonlarga alohida tariflar belgilanishi haqida topshiriq berilgan.

Shuningdek, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tabiiy gazga ulanmasligi tasdiqlandi. Yangi loyihalarda mahalliy mahsulotlardan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda.

Avvalroq Mirzamahmudov gazlashmagan hududlarda elektr energiyasiga 50 foizlik chegirma berilishi haqida aytib o‘tgan, biroq bu hali amalga oshmagan.

O‘zbekistonda tug‘ilish kamaydi, nikohlar esa qisqardi

O‘zbekiston aholisi 2025 yil 1 yanvar holatiga 37,5 mln kishiga yetdi. Bir yil ichida 926,4 ming chaqaloq tug‘ilgan, bu 2023 yilga nisbatan 35,6 mingtaga kam. Eng yuqori tug‘ilish Surxondaryoda, eng pasti Qoraqalpog‘istonda qayd etildi.

Oila qurish ko‘rsatkichi ham tushib ketdi. 2024 yilda 271,8 ming nikoh tuzilgan, bu so‘nggi 10 yildagi eng past ko‘rsatkich. Erkaklar o‘rtacha 27,1 yoshida, ayollar esa 22,3 yoshida turmush qurgan.

Ajralishlar soni 45,1 mingtani tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 59,9 foizga oshgan.

O‘lim holatlari ham ko‘paygan. 2024 yilda 174,4 ming kishi vafot etgan. O‘limning asosiy sabablari qon aylanish tizimi xastaliklari, xavfli o‘simtalar, nafas yo‘llari kasalliklari va baxtsiz hodisalar bo‘lgan.

Qozog‘iston tashqi savdoda uchinchi hamkorga aylandi

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari uchligiga kirdi.

O‘zbekiston Qozog‘istonga 1,4 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan, import esa 2,8 mlrd dollarga yetgan.

O‘zbekiston 2024 yilda 198 davlat bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Umumiy tashqi savdo aylanmasi 65,9 mlrd dollarni tashkil etib, 3,8 foizga o‘sgan. Eksport 26,9 mlrd dollar, import esa 38,9 mlrd dollar darajasida qayd etilgan.

Birinchi va ikkinchi o‘rindagi asosiy tashqi savdo hamkorlari Xitoy va Rossiya bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid