O‘zbekiston | 22:04 / 28.01.2025
3494
3 daqiqa o‘qiladi

Senat kengashi majlisida Qo‘shrabot tumani tajribasining taqdimoti o‘tkazildi

Tumandagi tadbirkorlik sub’yektlariga ikki yil ichida 12,7 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Shunday bo‘lsada, tuman hududida bo‘sh turgan to‘rtta obekt dastlabki qiymati pasaytirilib, bir necha marotaba auksionga chiqarilganiga qaramasdan sotilmagan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senat kengashining majlisida Samarqand viloyati sektor rahbarlari tomonidan kambag‘allikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha Qo‘shrabot tumani tajribasi taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2023 yildan boshlab 5-toifaga mansub Qo‘shrabot tumanidagi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashning alohida tartibi joriy qilinishi hisobiga ularga 2023-2024 yillarda 12,7 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Natijada, o‘tgan yilning o‘zida qariyb 700 ta tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilinib, ularning soni 2,1 mingga yetgan va 1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Investitsiya dasturi doirasida 35,4 mln dollarlik 41 ta loyiha ishga tushirilgan. 23,6 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, eksport hajmi 3,5 mln dollarga yetgan. Mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 54,2 mlrd so‘mlik imtiyozli kredit va 1,5 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar mahallalarda 2021-2022 yillarda tashkil qilingan kichik sanoat zonalari zarur infratuzilma bilan ta’minlanmagani sababli bugungi kunga qadar uchta kichik sanoat zonasidan ikkitasida birorta loyiha amalga oshirilmaganini ta’kidladi.

Tuman hududida bo‘sh turgan to‘rtta obekt dastlabki qiymati pasaytirilib, bir necha marotaba auksionga chiqarilganiga qaramasdan sotilmagan. «Vaholanki, tumanning 5-toifaga mansubligidan kelib chiqib, obekt qiymatini 5 yil muddatgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan edi», — deyiladi xabarda.

«Mahalla yettiligi» qarori bilan 40 ga yaqin ijtimoiy yordam va subsidiya mablag‘larini olish imkoniyati yaratilgan bo‘lsada, o‘tgan davr mobaynida faqat 3-4 ta turidan foydalanilgan. Oltita mahallada kambag‘al oila a’zolariga subsidiya mablag‘larini ajratish choralari umuman ko‘rilmagan.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘idan mavjud qarzdorligi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 7,4 foizga oshgan.

Majlisda senatorlar tomonidan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirilgan.

Mavzuga oid