Jahon | 17:24 / 25.01.2025
20011
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda misli ko‘rilmagan deportatsiya amaliyoti boshlandi

Donald Tramp boshqaruvidagi AQSh hukumati noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha ommaviy deportatsiya kampaniyasini boshladi. Oq uy e’lon qilgan suratlarda migrantlar qo‘li va beliga arqon bog‘langan alpozda harbiy samolyotga chiqarilayotgani aks etgan.

Foto: Oq uy matbuot xizmati

Trampning matbuot xizmati “yuzlab noqonuniy jinoyatchilar” deportatsiya qilinganini xabar qilib, boshlangan jarayonni “tarixdagi eng katta ommaviy deportatsiya amaliyoti” deb atadi.

“Va’da qilinganidek, prezident Tramp dunyoga kuchli messej yuboryapti: Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy kiradiganlar jiddiy oqibatlarga ro‘baro‘ bo‘ladi”, – deyiladi rasmiy relizda.

23 yanvar, payshanba kuni 538 nafar muhojir ushlangan, shulardan 373 nafari – jinoiy faoliyati uchun qo‘lga olingan.

Deportatsiya qilinganlar orasida terrorizmda gumonlangan shaxs, Venesueladagi “Tren de Aragua” jinoiy guruhning to‘rt a’zosi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan bir nechta nolegal shaxs ham bor, deya ma’lum qildi prezidentning matbuot kotibi Kerolin Levitt.

Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida “Tren de Aragua” jinoiy guruhi Kolorado shtatidagi Aurora shahrini “urush zonasi”ga aylantirib yuborganini aytgan.

AQSh-Meksika chegarasi yaqinida, 23 yanvar 2024 yil / Foto: Gregory Bull/AP
23 yanvar kuni 80 nafar erkak AQShning Texas shtati va Meksikani bog‘lovchi ko‘prik orqali Meksikaga qaytarib yuborildi. / Foto: Christian Torres/Anadolu via Getty

AQShda bo‘lish uchun qonuniy asoslarga ega bo‘lmagan shaxslarni hibsga olish amaliyoti Tramp inauguratsiyasining ertasiga, 21 yanvardan boshlangan. Fox News'ga ko‘ra, dastlabki ikki kunda 460 kishi ushlangan. Dastlabki ikkita harbiy reysda taxminan 80 nafardan migrant vataniga tashlab kelingani aytilmoqda.

Amerika harbiy samolyotlari migrantlar deportatsiyasiga jalb etilishi yaqin yillarda kuzatilmagandi.

Texas shtatidagi El Paso harbiy aerodromi / Foto: Oq uy matbuot xizmati
Texasda, Meksika bilan chegarada qurilayotgan devor / Foto: Charly Triballeau/AFP via Getty

Eslatib o‘tamiz, prezident Donald Tramp seshanba kungi inauguratsiya marosimida chegarada favqulodda holat joriy etishi va qat’iy migratsion tizim joriy etishini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashabbus barcha noqonuniy migrantlarga taalluqli emas, faqat jinoiy o‘tmishga ega 500 ming shaxsni qamrab oladi. Bu ko‘rsatkich 2013 yilda Barak Obama ma’muriyati davrida deportatsiya qilingan 430 ming kishilik rekorddan ham oshib ketadi.

CNN manbalariga ko‘ra, Tramp 1 milliondan 2 milliongacha hujjatsiz muhojirni imkon qadar tezroq AQShdan haydab chiqarishni istamoqda.

Mavzuga oid