Jahon | 20:22 / 21.01.2025
19588
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Putin Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishmay Rossiyani yo‘q qilmoqda

AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, Putin Ukrainadagi ishlari «unchalik yaxshi ketmayotganidan» xursand emas. Unga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi.

Rossiyalik harbiy Ukrainada. Foto: Reuters

Oq uyga qaytgan Donald Tramp yaqin vaqtlar ichida Rossiya prezidenti bilan uchrashishni rejalashtirayotganini aytdi. U shuningdek Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun kelishuv tuzishni istamay, «Rossiyani yo‘q qilayotgani» haqida gapirgan. AQShning yangi davlat kotibi Marko Rubio esa Vashington mojaroga barham berish uchun muddat belgilay olmasligidan ogohlantirgan.

«U kelishuv tuzishi lozim. O‘ylaymanki, u kelishuv tuzmasdan, Rossiyani vayron qilmoqda, — degan AQSh prezidenti Oq uydagi Oval kabinetda jurnalistlar bilan muloqotda (iqtibos AFP agentliginiki). — O‘ylaymanki, Rossiya katta muammolarga duch keladi».

«U ishlari unchalik yaxshi ketmayotganidan mamnun emas, — deya davom etgan Tramp. — Ko‘pchilik urush bir haftadan keyin tugaydi deb o‘ylagandi, hozir esa uchinchi yili davom etmoqda».

Uning aytishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni yakunlash uchun kelishuv tuzishga tayyor. Zelenskiy uning bu so‘zlari yuzasidan hozircha munosabat bildirmadi, uning oldingi bayonotlari adolatli tinchlik va okkupatsiya qilingan hududlarni qaytarmasdan qandaydir kelishuv tuzishni istisno etardi.

Tramp jurnalistlarga Putin bilan yaqin vaqtlar ichida uchrashishni rejalashtirayotganini ham aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni allaqachon boshlangan. «Biz buni imkon qadar tezroq qilishga harakat qilamiz. Bilasizmi, Rossiyaning Ukraina bilan urushi umuman boshlanmasligi kerak edi», — degan AQSh prezidenti.

Jurnalistlar Trampga u prezidentligining ilk kunida urushga barham berishga va’da berganini eslatganida, u shunday deb hazillashgan: «Hali yarim kun bor».

Trampning Putin bilan muzokaralariga tayyorgarlik ko‘rish boshlangani to‘g‘risida 12 yanvar kuniyoq uning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts aytib o‘tgandi. Kreml vakili esa o‘shanda prezidentlar uchrashuviga «hech qanday jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmayotgani»ni bildirgandi.

Bloomberg agentligi o‘z manbalariga havola bergan holda yevropalik siyosatchilar Tramp jamoasini Ukrainani shoshilinch muzokaralarga majbur qilmaslikka undayotgani xabar qilgandi. Nashr suhbatdoshlari bu borada optimizm bildirishgan, ammo AQSh prezidenti so‘nggi daqiqalarda maslahatlarni rad etishi yoki pozitsiyasini o‘zgartirishni odat qilganini ham eslatishgan.

Inauguratsiya arafasida CNN telekompaniyasi Tramp o‘z yordamchilariga lavozimga kirishganidan keyingi bir necha kun ichida Putin bilan telefon muloqoti uyushtirish bo‘yicha topshiriq berganini xabar qildi. Telekanal manbasiga ko‘ra, muloqot maqsadlaridan biri — Ukrainadagi urushga yakun yasashga urinish uchun yaqin oylar ichida o‘zaro uchrashuv o‘tkazishni muhokama qilish bo‘ladi.

AQSh prezidenti inauguratsiyasiga bir necha soat vaqt qolganida kutilmaganda Putinning o‘zi Rossiya xavfsizlik kengashi yig‘ilishi vaqtida Tramp bilan aloqalar haqida gapirib qoldi. U Trampni lavozimga kirishishi munosabati bilan tabrikladi hamda muzokaralarga tayyorligini navbatdagi marta ta’kidladi, ammo shu bilan birga, «strategik barqarorlik va xavfsizlik» haqida eslatib, muzokaralar «tenglik va o‘zaro hurmat asosida» o‘tkazilishini talab qildi.

«Bu o‘rinda eng muhimi — biz bir necha bor gapirgan inqirozning birlamchi sabablarini bartaraf etish. Kelishuvning maqsadi qisqa muddatli sulh emas, balki mintaqada yashovchi barcha odamlar, barcha xalqlarning qonuniy manfaatlarini hurmat qilishga asoslangan uzoq muddatli tinchlikka erishish bo‘lishi kerak», — deya yana bir bor o‘z talabini takrorladi uch yildan buyon Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinini G‘arb Moskvaning geosiyosiy talablarini muhokama qilishdan bosh tortib kelishi bilan oqlab kelayotgan Putin.

Amerika Senati tomonidan AQSh davlat kotibi lavozimiga tasdiqlangan Marko Rubio esa jurnalistlar bilan muloqotda Vashington Ukrainadagi urushni yakunlash uchun muhlat belgilay olmasligini, har qanday mojaroni hal qilishda bo‘ladigani kabi bu mojaroda ham har ikki tomon yon berishi lozimligini ta’kidlagan.

«Men muhlat belgilay olmayman. Ammo aytishim mumkinki, ikki mamlakat o‘rtasidagi mojaroni to‘xtatayotganingizda, ulardan hech biri maksimal maqsadlariga erisha olmaydi. Har bir tomon nimadandir voz kechishiga to‘g‘ri keladi», — deya uning so‘zlarini keltirgan CNN.

Yangi davlat kotibi gap aynan qanday yon berish to‘g‘risida borishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan, ammo yakuniy qarorni Rossiya va Ukraina qabul qilishini qayd etgan. Rubio shuningdek urushni to‘xtatish Trampning birinchi navbatdagi maqsadi ekanini aytgan.

«Tayyorgarlik ishlarining bir qismi bajarilganidan umid qilish mumkin, ammo juda qiyin bo‘ladi, — degan u. — Rossiya — bu mojaroda agressor, ammo bu urushni to‘xtatish lozim».

Putin bir necha marta tinchlik muzokaralari faqat «yerdagi» sharoitlardan kelib chiqib amalga oshirilishi mumkinligini aytgan, u bu bilan Rossiya Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarini o‘zida saqlab qolishi shartini nazarda tutgan. Zelenskiy esa hududiy yaxlitlikni tiklash hamda xalqaro xavfsizlik kafolatini talab qiladi. Moskva va Kiyev o‘rtasidagi oxirgi muzokaralar 2022 yil martidayoq to‘xtab qolgandi.

Mavzuga oid