«Bolaga bilim berish bilan shug‘ullanmasak, kosamiz oqarmaydi» - Erkinjon Turdimov

O‘zbekiston 02:57 859

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ham xalqning «kosasi oqarishi» uchun nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.

«Sirdaryomiz yaxshi bo‘lishi uchun nima qilish kerak? Bugun uyimizga borib, «kel qani, o‘qituvchimiz senga nima uy vazifasi berdi?», deb uning tarbiyasi bilan shug‘ullanishimiz kerak. Biz bugun, ertaga yaxshi yashamoqchi bo‘lsak, hozir men aytgan gaplarga harakat qilishimiz lozim. Kim harakat qiladigan bo‘lsa, biz o‘shanga ko‘makdosh bo‘lamiz. O‘zi harakat qilgan odamga berishimiz kerak», — deydi Turdimov.

Sirdaryo hokimi bolaga e’tibor qaratilmasa, ertaga azob-uqubatini tortishga to‘g‘ri kelishi aytib, unga rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarni o‘rgatish kerakligini ta’kidladi.

«Bizni tarbiyalangan, kasb olgan, tilni bilgan farzand qutqaradi. Ertaga xohlagan institutiga kirib keta oladi, eng yaxshi ishlar ham o‘sha bolaniki bo‘ladi… Bugun bolaga faqat bilim berish bilan shug‘ullanmaydigan bo‘lsak, kosamiz oqarmaydi, birimiz ikki bo‘lmaydi… Aqlni ishlatadigan bo‘lsak, eng ko‘p oylik oladigan, eng yaxshi ishlar bizniki bo‘ladi», — deya qayd etadi Erkinjon Turdimov.

Avvalroq «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi, deputat Alisher Qodirov «gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqning kosasi oqarmaydi» deya yozib tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirlarida O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Sirdaryo viloyatiga 2022 yil 26 noyabrdan buyon Akmaljon Mahmudaliyev rahbarlik qilayotgandi, u 2024 yil 16 yanvar kuni investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: