Ukrainadagi urush natijasida yuzaga kelgan ekologik falokatning ko‘lami juda katta. Bu haqda Frankfurt-Oderdagi Viadrina Yevropa universitetining Ukraina bo‘yicha fanlararo tadqiqotlar assotsiatsiyasi (KIU) vakili Syuzan Vorshex 30 yanvar, payshanba kuni chop etilgan rbb24 nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Misol tariqasida u 25 ming gektar yonib ketgan o‘rmonni, 220 ta xavf ostida qolgan yoki vayron bo‘lgan qo‘riqxonalarni hamda bir million gektarga yaqin minalangan o‘rmonlar va yerlarni keltirdi. Ekologlar «ekotsid», ya’ni hayotning tabiiy asosini ommaviy ravishda yo‘q qilish atamasini tobora ko‘proq ishlatmoqda.
Urush nafaqat odamlarning, balki hayvonlarning ham o‘limiga olib keladi. Qora dengizda o‘lik delfinlar va kitlar soni ortib bormoqda. Ular torpedo va mina portlashlari, harbiy kema sonarlarining shovqini va suvning ifloslanishi tufayli qurbon bo‘ladi.
Urushning atrof-muhitga yetkazilgan zarari 72 milliard yevroni tashkil qilishi mumkin, deya qayd etadi Syuzan Vorshex Ukraina atrof-muhitni muhofaza qilish davlat agentligiga tayanib.
Viadrinalik olimlar Ukraina hukumati va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda urush natijasidagi ekotsid haqida dalillar to‘plashmoqda. Dalillarni izlash aybdorlarni javobgarlikka tortish va yetkazilgan zararni qoplash talablarini qo‘yishga xizmat qiladi. Haagadagi Xalqaro jinoiy sud hali ekotsidni jinoyat deb hisoblamayapti, biroq Yevropa Ittifoqi va BMT allaqachon ekologik jinoyatlarni u yerda ko‘riladigan jinoyatlar ro‘yxatiga kiritish uchun kampaniya olib bormoqda.
Bir narsa aniq: Ukrainaning tabiiy muhiti va energetika infratuzilmasini tiklash katta xarajatlarni talab qiladi, deydi Syuzan Vorshex. U Germaniya va Yevropa Ittifoqi bu jarayonda faol rol o‘ynashiga umid qilmoqda. «Biz ta’mirlashimiz va qayta qurishimiz kerak bo‘lgan narsa ma’lum miqdorda pul talab qiladi», deydi tadqiqotchi.