Yahyo Sinvarning hech qayerda e’lon qilinmagan yangi videolari chiqdi

Jahon 17:42 7000

HAMAS lideri Yahyo Sinvar o‘tgan yil oktyabr oyida o‘ldirilgani esingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda Isroil uning oxirgi lahzalarini ko‘rsatgandi. Shu kunlarda Sinvarning avval hech qayerda e’lon qilinmagan videolari tarqaldi. Kadrlar HAMAS janchilari tomonidan olingan.

Kadrlarda Sinvar G‘azo vayronalarida yurgani ko‘rinadi. Uning qo‘lida esa o‘sha mashhur Isroil droniga otilgan tayoq. HAMAS lideri ustiga mato tashlab olgan va katta ehtimol shu orqali uni dron tanib olishidan himoyalangan.

Bu video Isroil tarqatgan ko‘plab bayonotlarni shubhaga qo‘yadi. Isroilliklar HAMAS lideri G‘azo tunnellarida yashirinib yurgani, asirlardan esa jonli qalqon sifatida foydalangani haqida gap tarqatishgandi. Biroq HAMAS jangchilari olgan videoda Sinvar vayronalar orasida harakatlanib, TSAHALga qarshi operatsiyalarni boshqargani ko‘rinadi. Kadrlardan birida Sinvar isroilliklarning yo‘q qilingan bronitexnikasiga qarab turgan.

Yana bir kadrda Sinvar HAMAS komandirlaridan bo‘lmish Mahmud Hamdan bilan G‘azo xaritasiga qarab Isroilga qarshi navbatdagi operatsiyani muhokama qilgan. Qizig‘i ular gaplashib turgan kvartira isroillik harbiylar tomonidan tekshirilgan va xavfsiz belgisi qo‘yilgan.

«Ozodlikning qizil eshigi bor»

Keyinroq HAMASning kanalida Yahyo Sinvarning o‘sha videodan olingan surati e’lon qilindi. «Ozodlikning har bir qo‘li qonga botgan taqillatadigan qizil eshigi bor» deb yozilgan o‘sha postda. Videoda va HAMAS e’lon qilgan postda Yahyo Sinvarning qo‘lida nima ushlab turgani muhokama qilinmoqda. Aftidan HAMAS lideri qo‘lida to‘pponchaga o‘xshagan narsa ushlab olgan. Sinvar katta ehtimol bu video qachondir e’lon qilinishini bilgan va kameraga qarab gapirgan.

HAMASning paradi

Shu kunlarda HAMAS isroillik yana bir necha asirlarni qo‘yib yubordi va jarayonni juda faol yoritdi. Xususan, Jabaliyadagi lagerda saqlangan isroillik ayol harbiyning Qizil xoch mashinasigacha borishi jonli efirda butun dunyoga ko‘rsatildi. Oxirgi ikki asirni qo‘yib yuborish jarayonini HAMAS chinakam shouga aylantirib yubordi. Isroillik qizlar HAMASchilar haydab ketayotgan Toyota ichida turib arab tilida ularga rahmat aytishdi.

Keyin asirlar matbuot anjumani o‘tkaziladigan joyga o‘xshash minbarga chiqarildi. Isroillik asirlar chiqqan minbarda HAMAS o‘ldirishi kerak bo‘lgan odamlar ro‘yxati ham ko‘rinadi. Markazda Binyamin Netanyahu, yonida esa Hersi Halevi, Yoav Goland kabi harbiylar. U yerda asirlarga HAMAS vakillari maxsus muhr urib sertifikat berishdi. Asirlar ko‘z o‘ngida HAMAS ko‘plab yangi a’zolarni ham qabul qilib, ularning boshiga yashil bog‘ichlar bog‘landi.

Bu sertifikat berilgach, HAMAS zobitlari asirlarni Qizil xoch mashinasiga olib borishdi. Keyin esa G‘azo xarobalarida chinakam bayram boshlandi. Vayronalarga katta qilib Falastin bayrog‘i ilingani fonida HAMAS harbiylari o‘ziga xos harbiy parad o‘tkazishdi. O‘nlab qimmatbaho mashinalarda HAMASchilar avtomat ko‘targan ko‘yi g‘azoliklar oldidan o‘tishdi. Ular esa jangchilarni olqishlashdi.

HAMASning bu o‘ziga xos paradi Isroil bosh vazirini qo‘rqitib yuborgan ko‘rinadi. Netanyahu o‘z safihasida bu kadrlarni qo‘rqinchli deb atab, Isroil bu holatdan xavotirga tushayotganini aytdi.

Ana shunaqa gaplar, azizlar. Isroil yo‘q qilganini iddao qilayotgan HAMAS hamon mavjud va hatto pechat uriladigan sertifikat ham bermoqda. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: