Bugun, 31 yanvar kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi yuqumli kasalliklar oldini olish bo‘yicha respublikada olib borilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi. Unda mas’ullardan Toshkent shahrida havo ifloslanishi haqida aholini erta ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yishning imkoni bor yoki yo‘qligi so‘raldi. Bunga Sanepidqo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov javob berdi. Mutaxassis bu masalalar bilan aynan Sanitariya gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti O‘zgidromet bilan hamkorlikda shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.
“Havoning ifloslanish darajasini har kuni monitoring qilib, oldindan xabar berish tizimi masalasi oldin ham ko‘tarilgan. Nega odamlar zaharli havodan erta ogohlantirilib, ularga niqobda yurish kabi ehtiyoj choralari ko‘rilmayapti, degan savollar bo‘lyapti. Albatta, bu masalani o‘ylab ko‘rish kerak. Hozir buning umuman imkoniyati yo‘q deb javob berishdan uzoqdaman”, – dedi Otabekov.
U bu masalani tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda hal qilish mumkinligini ham qo‘shimcha qildi. “Qandaydir aholiga qulay bo‘lgan ma’lumot berish tizimi haqida bosh qotirishimiz kerakdir. Lekin gap shundaki, mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, aholiga berilayotgan hamma ma’lumotlar ham to‘g‘ri emas. Negaki, Toshkent shahrida men 50 yildan ko‘proq muddatdan beri yashayapman. Lekin juda bir keskin Xitoyning Pekin, Yaponiyaning Tokio yoki Misrning Qohira shahridagidek farq bo‘layotganini kuzatayotganim yo‘q. Lekin bu ma’lumot aholini qiziqtirayotgan ekan, biz bu ma’lumotni berib borishimiz kerak bo‘ladi”, – dedi qo‘mita vakili.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida havo ifloslanishi oxirgi 2 yilda kuz-qish oylarida keskinlashmoqda. Ekologiya vazirligi mutaxassislari Kun.uz’ga bergan intervyusida bunga asosan shahar atrofida issiqxonalar ko‘mirda ishlayotgani va ularning zahari shamol ta’sirida shahar ichida kirayotganini ma’lum qilgandi. Intervyuda vazirlik vakili shaharda havo ifloslanishini oldindan aytish imkoni borligini ham qo‘shimcha qilgandi.