Suriya shimoli-g‘arbidagi olis bir go‘sha — Idlibga olib boradigan yo‘l hanuz yaqinda o‘tgan front chizig‘ining izlarini saqlab qolgan: yo‘l bo‘ylab okoplar, tashlab ketilgan harbiy pozitsiyalar, raketa snaryadlari va o‘q-dorilar ko‘zga tashlanadi.
Bor-yo‘g‘i ikki hafta oldin bu hudud Suriyaning qurolli muxolifat nazoratidagi yagona mintaqasi edi.
Idlibdan, aynan shu yerdan «Hay’at Tahrir ash-Shom» yetakchiligidagi isyonchilar g‘olibona yurish boshlab, bir necha kun ichida Bashar Asad rejimini qulatdi va uning oilasi tomonidan o‘rnatilgan yarim asrlik diktaturaga barham berdi.
Hozir ular mamlakatni o‘z nazorati ostiga olib, o‘z boshqaruv tizimini Suriyaning barcha mintaqalariga tarqatishga urinayotgandek ko‘rinishmoqda.
Idlib shahri markazida Asadning ag‘darilishi munosabati bilan haqiqiy bayramni kuzatildi: erkaklar va ayollar, yoshlar va qariyalar muxolifatning yashil-qor hoshiyali va uch qizil yulduzli bayroqlari bilan ko‘chalarga chiqishgan. Devorlardagi graffitilar esa rejimga qarshi kurashni olqishlab turardi.
Yo‘l bo‘ylaridagi vayrona binolar va xarobalar bu yerda yaqinda o‘tgan urush haqidagi xotiralarni saqlab turibdi, biroq ta’mirlangan uylar, yaqinda ochilgan do‘konlar va ozoda yo‘llar vaziyat ancha yaxshilanganidan darak beradi. Shunga qaramay, mahalliy aholining ayrim vakillari hokimiyatning qattiqqo‘lliklaridan shikoyat qiladi.
Bu hafta boshida Idlibga kelgan paytimizda shahar ko‘chalari nisbatan toza edi, svetoforlar va ko‘cha chiroqlari yaxshi ishlab turgan, odamlar gavjum hududlarda patrullar ko‘zga tashlanardi, deb yozadi BBC’ning Yaqin Sharqdagi muxbiri Hyugo Bachega.
Bu sodda, ammo muhim elementlar bu yerda faxr-iftixor belgisi sanaladi: chunki Suriyaning boshqa mintaqalarida bunday holatni ko‘rish mushkul.
«Hay’at Tahrir ash-Shom»ning ildizlari shubhali dovrug‘ taratgan «Al-Qoida» tashkilotiga borib taqaladi. Biroq so‘nggi yillarda Hsh imijini keskin o‘zgartirib, o‘zini milliy kuch sifatida ko‘rsatmoqda va jihodchi o‘tmishidan yiroqlashib, asosiy maqsadi Asadni ag‘darish bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Dekabr oyi boshida, jangarilar Damashq yaqiniga kelgan paytda, ularning yetakchilari barcha suriyaliklar uchun umumiy Suriya davlatini barpo etish haqida gapirdilar. Biroq AQSh, Buyuk Britaniya, BMTning ko‘pchiligi a’zolari va hatto Suriya isyonchilariga ma’lum darajada yordam ko‘rsatuvchi Turkiya ham Hshni rasman terrorchi tashkilot, deb hisoblashda davom etmoqda.
Suriya shimoliy-g‘arbidagi bu mintaqaning katta qismi (taxminan 4,5 mln aholi) 2017 yilda Hsh nazoratiga o‘tgan, buning ortidan ko‘p yillik fuqarolik urushi tugagan va nisbatan barqarorlik yuzaga kelgan edi.
«Qutqaruv hukumati» deb nomlanuvchi ma’muriyat suv va elektr ta’minoti, chiqindilarni yig‘ish va yo‘llarni ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadi.
Turkiya chegarasi bilan kesishgan nuqtalarida qishloq xo‘jaligi xo‘jaliklari va tadbirkorlardan undiriladigan soliqlar shahar infratuzilmasini saqlash va Hshning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanadi.
«Asad davrida Idlib «esdan chiqarilgan shahar» deb atalgan edi», — deydi kardiolog shifokor Hamza Al-Muraviy. U hozir bemorlarni eski pochta ombori binosida tashkil qilingan shifoxonada qabul qilmoqda.
2015 yilda u janglar avj olgan Halabdan Idlibga rafiqasi bilan ko‘chib o‘tgandi. Hozir Halab ham isyonchilar nazoratiga o‘tgan bo‘lsa-da, er-xotin ona shahriga qaytishni o‘ylashmayapti.
«Bu yerda barcha jabhalarda faol rivojlanish ko‘rinib turibdi, — deb tushuntiradi Hamza. — Asad rejimi davrida bu yerda bo‘lmagan ko‘plab imkoniyatlar hozir mavjud».
Hsh xalqaro tan olinishga intilib, hokimiyatni qo‘lga olgan paytda joriy qilgan ba’zi qonun-qoidalarni yumshatdi. Masalan, ayollar uchun joriy qilingan qat’iy kiyinish qoidalari va maktablarda musiqaga taqiq kabi cheklovlar bekor qilindi.
Ba’zi mahalliy aholi yaqinda bu yerda bir nechta namoyishlar bo‘lib o‘tganini eslaydi. Ular orasida mahalliy hukumatning soliq siyosatiga qarshi chiqishlar ham bo‘lgan. Bu holat ma’lum darajada hukumat tanqidiga ruxsat berilishidan dalolat beradi. Bunaqasi Asad rejimida mutlaqo mumkin emasdi.
«Bu to‘liq demokratiya emas, lekin ma’lum bir erkinlik bor», — deydi sobiq mahalliy fuqaro Fuad Sayyidisso. — «Avvalida muammolar bor edi, lekin so‘nggi yillarda hukumat o‘z faoliyatini yaxshilash va o‘zgarishlarga intilayotganini ko‘rsatmoqda».
Sayyidisso Idlibda tug‘ilgan, lekin hozir Turkiyada yashab, Violet nomli nodavlat tashkilotga rahbarlik qilmoqda. Asad rejimi ag‘darilgandan keyin u, boshqa minglab suriyaliklar qatorida, 10 yildan so‘ng ilk marta o‘z vataniga kelish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Biroq, Hsh hokimiyatini avtoritar deb hisoblab, unga qarshi chiquvchilar ham bor. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, guruh o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ayrim ekstremistlarni ta’qib qilgan, siyosiy raqiblarini o‘z safiga qo‘shib olgan va qarshilik ko‘rsatganlarni qamoqqa tashlagan.
«Hukumat butun Suriya hududida qanday harakat qiladi — bu alohida bir masala», — deydi Fuad Sayyidisso. Unga ko‘ra, Suriya juda xilma-xil davlat bo‘lib, bu yerda xalq rejimi va uning ittifoqchilaridan ko‘rgan qonli tazyiqlardan keyin adolatni tiklashga chanqoq.
«Odamlar hamon bayram qilishmoqda, ammo ular bir vaqtning o‘zida kelajak uchun xavotir ham qilishmoqda», — deya ta’kidlaydi Fuad.
Mahalliy ma’muriyat vakillaridan intervyu olishga harakat qildik, ammo ularning barchasi yangi hukumatga yordam berish uchun poytaxt Damashqqa ketgani ma’lum bo‘ldi.
Idlibdan bir soat yo‘l masofasida joylashgan kichik nasroniy qishloq Quniyada 8 dekabr kuni — Asadning hokimiyatdan chetlatilishi munosabati bilan — so‘nggi o‘n yillikda birinchi marta mahalliy ibodatxona qo‘ng‘iroqlari zang chaldi.
Turkiya chegarasi yaqinida joylashgan ushbu qishloq 2011 yilda Asadning tinch norozilik namoyishlarini keskin bostirishi ortidan boshlangan fuqarolik urushi davomida qattiq bombardimon qilindi. Natijada, ko‘plab aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
Qishloqda ayni paytda atigi 250 kishi qolgan.
«Asad qulashi ortidan Suriya yaxshiroq joyga aylandi», — deb hisoblaydi mahalliy ibodatxona ruhoniysi Fadiy Azar.
Biroq, islomchilarning roli kuchayishi ko‘pchilikda xavotir uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Asad avlodi mansub bo‘lgan alaviylar kabi turli ozchilik guruhlar ta’qib ostida qolishi mumkinligidan qo‘rqiladi, garchi Hsh yetakchilari bir necha bor diniy va etnik guruhlarni himoya qilishga va’da bergan bo‘lsa ham.
«So‘nggi ikki yilda ular [Hsh] o‘zgarishni boshladi… Ammo avval juda qiyin edi», — deydi Fadiy Azar.
Aniqrog‘i, cherkov mol-mulki musodara qilingan, diniy ibodatlar o‘tkazish cheklangan edi.
«[Biroq keyinchalik bizning jamoamizga] ko‘proq erkinlik berildi. Shuningdek, qochqin bo‘lgan boshqa nasroniylarni o‘z binolari va yerlarini qayta olish uchun qaytishga chorlashdi», — deydi u.
Bunday o‘zgarishlarning qanchalik samimiy ekanligi haqida savol tug‘ilishi tabiiy. Ularning ishonchliligiga qanday kafolat bor?
«Bizda boshqa chora yo‘q, — deydi ruhoniy. — Biz ularga ishonamiz. Chunki boshqa yo‘limiz yo‘q».
Faol Sayyidissodan nima uchun hatto islomchilarga qarshi bo‘lganlar ham ularni kamdan kam tanqid qilishini so‘raganimizda, u shunday javob berdi:
«Endi ular qahramonlar… [Biroq] bizning chegaralarimiz bor. Biz endi hech qachon diktatorlarni qabul qilmaymiz, ular Jo‘laniy bo‘ladimi yoki boshqami».
Bu uning Asad ustidan g‘alabadan so‘ng o‘z jangchi taxallusi Abu Muhammad al-Jo‘laniydan voz kechgan Hsh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a haqidagi fikri edi.
«Agar ular o‘zlarini diktatorlardek tuta boshlasalar, xalq ularga «yo‘q» deyishga tayyor, chunki endi odamlar erkinlikka erishdi», — deya ishonch bildiradi Sayyidisso.