«Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi shitob bilan Suriyada hokimiyatni o‘z qo‘liga olishini Eron tashqi siyosati uchun kamida Eron-Iroq urushi bo‘lib o‘tgan 1980 yillardan buyon ro‘y bergan eng jiddiy muvaffaqiyatsizligi deb atash mumkin. Islom respublikasi ta’siri shu qadar zaiflashgan bo‘lib ko‘rinmoqdaki, bu Eron elitasini ham qo‘rqitmoqda. Bunday sharoitda Tehron o‘zining omon qolishini kafolatlash imkoniyatlarini qidiradi va ekstremal choralarga qo‘l urishi ham mumkin. Sharqshunos, Eron haqidagi kitoblar muallifi Nikita Smagin «Meduza» uchun tayyorlagan materialida Eron «qarshilik o‘qi» qanday qulagani va bundan butun dunyoga qanday tahdidlar borligini ko‘rib chiqqan.
Eron nima uchun Asad rejimiga dov tikkan va bu unga qanchaga tushdi?
2010-yillar boshida Bashar Asad rejimi muxolifatchilar bilan qurolli to‘qnashuvlarga kirishganida, Tehron avvaliga voqealarga aralashishga shoshilmaydi. Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy ehtimoliy xavflar va uning mamlakati ko‘tara olmasligi mumkin bo‘lgan xarajatlardan cho‘chib, ishni paysalga solgani aytiladi. Ammo 2012 yilda Islom inqilobi muhofizlari korpusining xorijdagi amaliyotlar bilan shug‘ullanuvchi «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi rahbari Qosim Sulaymoniy hamda Livandagi do‘stona guruh «Hizbulloh» rahbari Hasan Nasrulloh uni Asad hokimiyatda qolishi nafaqat «Hizbulloh», balki Islom Respublikasining mintaqadagi barcha ittifoqchilari kelajagi uchun o‘ta muhim ekaniga ishontirishadi. Taqdir hazilini qarangki, Sulaymoniy ham, Nasrulloh o‘z strategiyasi nihoyasigacha yashay olmadi.
Shu bilan birga, mojaroga aralashuv narxi — xarajatlar nuqtayi nazaridan Tehron doimo yetarlicha mo‘’tadil harakatlangan. Asad rejimini qo‘llash davridagi barcha yillar uchun sarflangan shartli 30 milliard dollar (ya’ni yiliga uch milliard dollardan kamroq) — kattagina mablag‘, ammo Eron budjetini quritib qo‘yadigan darajadagi pullar emas. Qolaversa, bu yordamning sezilarli qismini Suriya energetika sektorini qo‘llab-quvvatlash tashkil etgan. Alohida bosqichlarda, Barak Obama va Donald Trampning sanksiyalaridan keyin, bu hatto Eronga to‘lib-toshgan omborlar va ortiqcha neft muammosiga qarshi kurashishda ham qo‘l kelgan. Ya’ni doim ham uglevodorodlar Suriyaga tekinga yuborish uchun yurakdan yulib berilmagan — ba’zida shunchaki ularni saqlab turish uchun joyning o‘zi qolmasdi.
Eronning yo‘qotishlari hisoblanganda yanada kamtarroq raqamlar chiqadi. Suriyadagi urushning o‘n yilida halok bo‘lgan «ziyoratgohlar himoyachilari» soni ikki mingga yaqinni tashkil etadi. Bu miqdorning asosiy qismi — «Fotimiyun» tashkiloti safiga yollangan afg‘onlardir. Bu Tehron Suriyadagi fuqarolik urushiga jalb etish uchun afg‘on shialari orasidan yig‘ilgan shialar maxsus tuzilmasidir.
Taqqoslash uchun: 2024 yil boshiga kelib Suriyadagi fuqarolik urushida halok bo‘lganlarning jami soni 600 mingdan oshgan, shundan 90 mingdan ortig‘i Asad armiyasi harbiylaridir. «Hizbulloh» va Damashqni qo‘llovchi boshqa xorijliklar (gap birinchi navbatda, afg‘onlar va iroqliklar to‘g‘risida ketadi) qurbonlar soni 10 mingga yaqin bo‘lgan. Eron ta’siridagi kuchlar safida o‘n minglab suriyaliklar ham jang qilgan va qurbonlar orasida ular ham bo‘lgan.
Bu hisob-kitoblarning barchasi shartli bo‘lib, turli manbalarda sezilarli farqlarni ko‘rish mumkin. Ammo ular Tehronning Suriyadagi urushga yondashuvi bo‘yicha taxminiy tasavvurni beradi, blogosferada buni istehzo bilan «oxirgi arab qolgunicha jang qilish» deb atashadi. Ya’ni Eron doimo o‘z resurslarini, birinchi navbatda insoniy resurslarni o‘ta ehtiyotlagan. Islom inqilobi muhofizlari korpusining vazifasi — muvofiqlashtirish va texnik yordam ko‘rsatish orqali ittifoqchi bo‘linmalarni tuzishdir. Urushda esa eronliklar emas, boshqa kimlardir halok bo‘lishi kerak edi.
Bu mulohaza ham Tehron nima uchun kerak pallada Asadni qutqarmaganini ko‘p jihatdan tushuntiradi.
- «Hizbulloh» kuchlari Isroil bilan to‘qnashuvning oldingi oylarida sezilarli darajada holdan toygandi. Eron ta’siridagi manbalarga ko‘ra, «Hay’at Tahrir ash-Shom» yurishini boshlaganida, livanliklar guruhi Asadni qutqarish uchun ikki ming atrofida jangchi yuborishi kutilgandi. Ammo amalda ikki barobar kamroq jangchi yuborilgan. Qolaversa, «Hizbulloh» vaziyatni baholab ko‘rgach, jang qilmaslikka qaror qilgan va o‘z kuchlarini Suriyadan qaytarib olib ketgan.
- Iroq tomoni siyosati yanada oshkora ko‘rinishda bo‘lgan: ushbu mamlakat hukumati Suriyaga qo‘shin yuborilishiga qarshilik qilib, Iroqdagi shialar lashkari vakillariga fuqarolik urushi — qo‘shni davlatning ichki ishi ekanini tushuntirgan.
- Eronning o‘zidan Suriyaga qo‘shin olib o‘tilishiga esa Eron samolyotlarini urib tushirishga kirishishi mumkin bo‘lgan Isroil to‘sqinlik qilgan. Albatta, shunday ssenariyda ham urinib ko‘rish mumkin edi, ammo Eron rahbariyati o‘z harbiylari hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikka qaror qildi.
Shu tariqa, kerakli pallada Asadni himoya qilishga tayyor «eronlik bo‘lmaganlar» yetarlicha topilmadi. Eron yuzlab askarlari hayoti evaziga ittifoqchini qutqarishga hech qachon tayyor bo‘lmagan: ko‘p yillik urush mobaynida ham, hozir ham.
Eron «qarshilik o‘qi»ni nega qurgandi va endi u nega yo‘q?
«Asimmetrik urushlar» strategiyasi — Eron mudofaasining bazaviy prinsipi bo‘lib, raqibni uzoq masofada ushlab turishni nazarda tutadi. Raqiblar sifatida birinchi navbatda AQSh va Isroil belgilab olingan. Vazifa mudofaaning oldingi chizig‘ini imkon qadar o‘z chegarasidan uzoqlashtirish va raqib kuchlariga maksimal darajada yaqinlashtirish. Bu paradigmaga ko‘ra, Eron ta’siridagi tuzilmalar Isroil chegaralarida va amerikaliklarning mintaqadagi bazalari yaqinida joylashib, to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish tahdidi bilan Islom Respublikasi dushmanlarini tiyib turishi kerak.
Iroqda Saddam Husayn ag‘darilgach, keyin Suriyadagi fuqarolik urushi Tehronga mintaqadagi ta’sirini oshirishga imkon berdi. Iroqda ushbu mamlakat hukumatiga ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan eronparast kuchlar paydo bo‘ldi. Fuqarolik urushigacha Eronga do‘stona davlat bo‘lgan Suriya esa Eronga qaram o‘yinchiga aylandi.
Islom Respublikasining Erondan O‘rta Yer dengiziga qadar cho‘zilgan ittifoqchilarining yagona kamari shunday yaratilgandi. Bu mintaqada Tehron bilan birgalikda AQSh va Isroilga qarshi kurashuvchi tuzilmalar birlashmasi — «qarshilik o‘qi» asosiga aylanadi. Iroqdagi shia ayirmachilar, Livandagi «Hizbulloh» va Suriyadagi Asad rejimidan tashqari unga falastinliklarning Hamas, yamanliklarning husiychilar guruhi va boshqa qator nisbatan mayda guruhlar ham kirgan. «O‘q»ning muvofiqlikda harakatlanish qobiliyati 2023 yil 7 oktyabridan keyin, Isroil bo‘ylab va Amerikaning mintaqadagi bazalariga G‘azo, Livan, Suriya, Iroq, Yaman, keyinroq esa Eronning o‘zidan raketalar uchib kelganida namoyon bo‘ldi.
Ammo Suriyadagi «12 kunlik inqilob» oqibati bu konstruksiyadagi bir bo‘g‘in yo‘qolishi bilan cheklanmaydi. Amalda ushbu «qarshilik o‘qi» endi yagona bog‘langan mexanizm sifatida ishlay olmaydi. Muammo birinchi navbatda logistika bilan bog‘liq. Erondan Suriya orqali Livan va Iroqqa marshrutlar eronparast kuchlarga operativ ta’minot yetkazib berish va zarur bo‘lganda bo‘linmalar va resurslarni tashib o‘tkazish imkonini berardi. Eron butun Yaqin Sharq bo‘ylab dronlarini tarqatgan, uchuvchisiz uchar qurilmalarining yangi modellarini va harbiy harakat olib borishning turlicha uslublarini sinovdan o‘tkazgan. Endi mamlakat Suriyada bo‘lgan ittifoqchilarining kattagina qismidan hamda «Hizbulloh»ga quruqlik orqali yo‘ldan ayrildi. Qolaversa, Isroil bilan to‘qnashuvlardan keyin Livandagi shialar guruhi mustaqil ravishda o‘ziga kela olmaydi.
Bundan tashqari, Asadning qulashi yana bir muammoni yuzaga chiqardi: Livan va Iroqdagi eronparast kuchlar muhim pallada Tehronning topshiriqlarini bajara olmadi. Eron ularni Damashqqa yordam berishga chaqirdi, ammo signal yetib bormadi. «Hizbulloh» vakillari Suriya armiyasi qochishi fonida ochiqchasiga o‘z jangchilarini Suriyaga olib o‘tishga hech qanday zarurat yo‘qligini ma’lum qildi.
Bularning barchasi «qarshilik o‘qi» saflari 2023–2024 yillar mobaynida Isroil bilan kurashda ancha siyraklashgan vaziyatda ro‘y berdi. Hamas amalda harbiy harakatlar olib borish qobiliyatini yo‘qotgan. «Hizbulloh» peyjyerlar portlatilishi bilan amalga oshirilgan amaliyot, bir necha haftalik bombardimonlar va Isroilning Livan janubidagi quruqlik amaliyoti tufayli holsizlangan. Guruh noyabr oyi oxirida bejiz Isroil bilan sulh tuzmadi. Bugungi kunda guruhda Livan chegaralaridan tashqarida urush olib borish uchun shunchaki resurslar yo‘q.
Lekin bu eronparast kuchlar Yaqin Sharqdan g‘oyib bo‘lganini anglatmaydi. Islom Respublikasining Iroqdagi ittifoqchilarining resurslari deyarli butun turibdi, Yamandagi husiychilar AQSh va Isroilning zarbalariga dosh bermoqda, «Hizbulloh» va Hamas ham hali to‘liq yakson etilmagan — va bunday bo‘lishi dargumon. Shu tufayli alohida nuqtalarda ular baribir AQSh yoki Isroilga muammo tug‘dira oladi. Ammo endi bu front yagona uyushgan kuch sifatida harakatlana olmaydi. «Qarshilik o‘qi» keng ko‘lamli harbiy-siyosiy birlik sifatida ortiq mavjud emas.
Eron endi qanday strategiya tanlaydi va yadroviy urush xavfidan qo‘rqish kerakmi?
2024 yil davomida Eron uzoq yillar davomida qurilgan va uni raqiblarining ehtimoliy hujumlaridan himoya qilishi kerak bo‘lgan narsasini yo‘qotdi. Bunday vaziyatda Eron elitasidagi shusiz ham Isroil tomonidan ikki zarbadan keyin kuchaygan ekzistensial qo‘rquv bir necha bor ortadi. Mamlakat mudofaa uchun zudlik bilan yangi yondashuvlarni qidirishi kerak.
Tehron birinchi navbatda proksi-strategiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri tiyib turish variantlariga o‘tadi. Ya’ni Isroil chegarasidagi harbiy ittifoqchilar emas, dronlar va raketa salohiyati markaziy rolni o‘ynashi kerak. Ammo bu yetarli emas. Eron nazarida omon qolishni kafolatlaydigan deyarli yagona yo‘l — yadroviy quroldir. So‘nggi oylarda bu mavzudagi muhokamalar, mamlakat tarixida ilk bor, hukumatga yaqin siyosatchilar va ekspertlarning davlatning yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqishga chaqiriqlariga aylanib ketdi. Suriyadagi hokimiyat almashuvi o‘zgarishlar uchun yangi, yanada kuchli turtki bo‘lishi mumkin. Asad ag‘darilishi bilan Eron parlamenti a’zolari o‘rtasida yadroviy qurolni sinab ko‘rishga ochiqdan ochiq da’vatlar yangradi. Aftidan, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, ammo bugungi kunda Tehronning xavfli eskalatsiya tomon tanlov qilishi imkoniyati har qachongidan yuqori.
Bu fonda, bir necha oy oldin Eronning o‘zi yadroviy qurol mamlakatni dushman zarbalaridan himoya qilishi haqidagi tezisni shubha ostiga qo‘ygani kulgili kinoyat bo‘lib ko‘rinadi. 2024 yilda Islom Respublikasi ikki yadroviy davlatga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar yo‘llagan tarixdagi ilk davlat bo‘lgandi: Pokiston va Isroilga (ikkinchisiga — ikki marta). Va bundan keyin hech kim Tehronni «radioaktiv kul»ga aylantirgani yo‘q.
Ammo Eron hukumati uchun asosiy xavf mamlakat ichkarisida. Islom Respublikasi kamida 2022 yil kuzidan buyon, mamlakatni ommaviy namoyishlar qamrab olganidan keyin doimiy legitimlik inqirozida qolmoqda. «Hay’at Tahrir ash-Shom»ning Suriyadagi hukumatni ag‘darishdagi muvaffaqiyatlari Tehronning muxoliflarining bir qismini ilhomlantirishi turgan gap. Bu darhol namoyishlar boshlanib ketadi degani emas. Ammo ular istalgan vaqtda boshlanishi mumkinligini anglatadi.
Shu munosabat bilan, Eron hukumatida ikkita asosiy variant bor: qatag‘on yoki islohotlar. Islom Respublikasi mavjudligi davomida aholi bilan munosabatlarda Asadga qaraganda ancha moslashuvchanlik namoyish etib, repressiv harakatlar barobarida muayyan islohotlar ham amalga oshirgan. Eronda doimiy ravishda raqobat muhitidagi saylovlar o‘tkaziladi va davlatda oliy rahnamodan keyingi ikkinchi nufuzli shaxs — prezident almashadi. Katta ehtimol bilan, shuning uchun, muntazam namoyishlarga qaramay, Suriyadagidan farqli o‘laroq, Eronda fuqarolik urushi yuzaga kelmaydi. Ayrim bosqichlarda esa hukumat Eron jamiyatida islohotchi Hasan Ruhoniy prezidentlikka kelgan va 2015 yilda yadroviy kelishuv imzolaganida bo‘lgani kabi yangi umid uyg‘ota olgandek tasavvur paydo bo‘lgandi.
Ammo bugungi kunda aholining katta qismi elektoral jarayonga ishonchini yo‘qotgan. Aftidan, hatto bu yil kutilmaganda islohotchi Ma’sud Pizishkiyon prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqishi ham vaziyatga ta’sir ko‘rsata olmadi. Shu bilan birga, yaqin yillarda Tehronni XXI asrda mamlakat uchun asosiy bifurkatsiya nuqtasiga aylanadigan, sodir bo‘lishi muqarrar voqea kutmoqda — allaqachon 85 yoshda bo‘lgan oliy rahnamoning vafot etishi. Ko‘p yillik mintaqaviy mudofaa tizimining inqirozi va asosiy do‘stona rejim qulashi «voris» amaliyotini silliq amalga oshirish imkoniyatni pasaytiradi. Rahnamoning o‘g‘li Mujtabo Xominaiy va Eron elitasining bir qismi bunday ssenariyga faqat umid qilishi mumkin.