Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi, deb xabar beradi 78.ru.
Ma’lum qilinishicha, 21 dekabr kuni Olga Berggols ko‘chasidagi turar-joy binosi yerto‘lasidan ichida ayol kishining jasadi bo‘lgan sumka topilgan. Sodir etilgan qotillik haqida politsiyaga jinoyatni amalga oshirgan shaxs xabar bergan.
«Birinchi bo‘lib vahimani o‘ldirilgan ayolning ukasi ko‘targan. U O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga 31 yoshli opasi aloqaga chiqmay qo‘ygani to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Ayol 8 noyabr kuni Peterburgga ishlash uchun tanishi — 24 yoshli O‘zbekiston fuqarosining yoniga kelgan. U mamlakatda qonuniy — patent bo‘yicha ishlagan», — deyiladi xabarda.
10 dekabr kuni erkak vataniga qaytgan. Keyinroq tezkor xodimlarning aniqlashicha, u qotillikni sodir etganidan so‘ng Rossiyadan chiqib ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fojia 9 dekabr kuni soat 19:00 larda sodir bo‘lgan. O‘zaro yuz bergan janjalda erkak ayolni yostiq bilan bosib o‘ldirgan. Shundan keyin qotil jasadni safar sumasiga joylashtirib, uyning yerto‘lasiga olib tushgan.
Tergovchilarning aytishicha, erkakning o‘zi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, qotillik haqida xabar bergan. U ayolning jasadi qayerda qoldirilgani haqidagi aniq manzilni aytgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.