Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze mamlakat prezidenti Salome Zurabishvilini yangi parlament saylovlarini o‘tkazish fikridan voz kechishga chaqirib, aks holda u jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, 21 dekabr kuni Zurabishvili parlament saylovlarini belgilash maqsadida muxolifat va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan uchrashgan.
Kobaxidzening so‘zlariga ko‘ra, Gurjistonda amaldagi qonunchilikka muvofiq parlament saylovlari uch holatda tayinlanadi: Markaziy saylov komissiyasi yoki Konstitutsiyaviy sud o‘tkazilgan saylovlar natijasini bekor qilsa, qayta saylovlar; parlament deputatlarining to‘rt yillik vakolat muddatlari yakunlanganda navbatdagi saylovlar; parlament hukumatga ishonch bildirmaganda navbatdan tashqari saylovlar.
Bosh vazirning qayd etishicha, agar prezident boshqa bir sababga ko‘ra yangi parlament saylovlarini o‘tkazishga qaror qilsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
«Ko‘ramiz, u [Zurabishvili] qayerda yashashda davom etarkan — panjara ortidami yoki ozodlikda», — deydi Kobaxidze.
Oktyabr oyida Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, parlamentda ko‘pchilik o‘rinni rossiyaparast hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qo‘lga kiritdi. Parlamentga o‘tgan boshqa partiyalar, shuningdek, mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili saylovlar natijalarini tan olmadi.
14 dekabr kuni Gurjistonda saylovchilar kollegiyasi sobiq futbolchi va deputat Mixail Kavelashvilini mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi. 53 yoshli Kavelashvili — futbol bo‘yicha Rossiya va olti karra Gurjiston chempioni, u Tbilisining «Dinamo» jamoasida to‘p surgan. Zurabishvili mamlakatda yangi parlament saylovlari belgilanmagunga qadar o‘z vakolatlarini topshirish niyatida emasligini ma’lum qildi.