“Hammasiga orzu sabab” - Yaponiyada qurilishda ishlab 1500 dollardan ko‘proq topayotgan o‘zbekistonlik yigit

Jamiyat 15:42 / 03.04.2024 10721

Asli samarqandlik Samandar Rabbimov 10 oyki Yaponiyada havoza (lesa) terish bilan shug‘ullanadi. U arxitektura-qurilish sohasida oliy ma’lumotli, bir necha yil xususiy firmada loyihachi bo‘lib ham ishlagan. Maoshi va ishlash sharoiti yaxshi bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz kunchiqar mamlakatga ketishga ahd qilgan. U Kun.uzʼga bergan intervyusida buni “Yaponiya orzusi” haqida gapirib berdi.

Samandar Rabbimov Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan, 26 yoshda. Qurilish-arxitektura sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli, 2023 yil iyun oyida Yaponiyaning Tokio shahriga ketgan. Hozirda u yerda qurilish sohasida havoza terish bilan shug‘ullanadi. Samandar Kun.uz bilan suhbatda nima uchun O‘zbekistondagi yaxshi ishini tashlab Yaponiyaga ketgani, u yerdagi mehnat sharoitlari, yapon madaniyati hamda kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi.

Yaponiya orzusi sabab O‘zbekistondagi yaxshi ishimni ham tashlab, shu yerga keldim”

Yaponiyaga borish orzusi bolaligimdan bo‘lgan, u vaqtlarda yaponlarning “Oshin” seriali bo‘lardi, shuni ko‘rib Yaponiyaga qiziqish uyg‘ongan.

2021 yilda Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini tugatganman, oliy ma’lumotliman. 2-bosqichda o‘qib yurgan paytimda yapon tilini o‘rganishni boshlaganman. Talaba vaqtlarim karantindan oldin Samarqandda mehmonlar ko‘p bo‘lar edi, shu yerda yaponiyalik sayyohlarga gid bo‘lib ham ishlaganman. Bu ham tilni yaxshiroq o‘rganishimga yordam bergan. O‘qishni tugatgach, 2 yil davomida arxitektura va loyihalash xususiy firmalarida soham bo‘yicha ishladim. Migratsiya agentligida Yaponiyaga qurilish sohasiga vakansiya e’lon qilingach, o‘zimning soham bo‘lgani uchun ro‘yxatdan o‘tib, suhbatda qatnashdim. Suhbatdan o‘tganimdan keyin Yaponiyaga kelib, ishimni boshladim.

O‘zi Yaponiyaga o‘qishga yo boshqa maqsadda kelish juda qimmat, qachondir bepul boraman, deb yurardim. Erkin odam bo‘lganim uchun Yaponiya orzusi sabab O‘zbekistondagi yaxshi ishimni ham tashlab, shu yerga keldim.

Til bilish – Yaponiya uchun ham eng minimal va kerakli talab”

Vakansiya bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganimdan so‘ng, qo‘ng‘iroq qilib chaqirishdi. Men o‘sha vaqtda Toshkentda edim, keyin Migratsiya agentligiga bordim, suhbat kunini aytishdi. Hozir men ishlayotgan firmaning boshlig‘i suhbatni olish uchun Toshkentga kelgan edi. O‘sha vaqtda menda yapon tili bo‘yicha sertifikatim bor edi, JPLT (yapon tilini bilish darajasini aniqlash testi). JPLTʼda 5 ta daraja bo‘ladi. Darajaning eng quyisi N5, eng yuqorisi esa N1. IELTS bilan taqqoslasa, N1 shuning eng yuqori darajasi hisoblanadi. N5 esa shuning 5,5 yoki 5 balli darajasidir. Meniki 4-darajali edi, N3ʼga yaqinligi uchun taxminan IELTS 6 darajasiga to‘g‘ri keladi.

Hujjatlarni olib bordim, og‘zaki suhbat bo‘ldi. Keyin rasmiylashtirish ishlari boshlandi, shu hujjat ishlariga 4 oycha vaqt ketdi. Shu vaqt davomida yapon tili bo‘yicha tayyorlandim, sohaga oid til bilimlarini ham o‘rgandim. Til bilish – Yaponiya uchun ham eng minimal va kerakli talab. Yaponlar o‘z tilini bilgan, o‘rganayotgan kishilarni hurmat qiladi va yordam beradi. Yaponiyada ish sharoitlari og‘ir emas, o‘zimizdagi kabi bilan bir xil, faqat muammo til bilishdan bo‘lishi mumkin. Til yaxshi o‘rganib kelinsa, muammo bo‘lmaydi.

Viza berishda eng “muloyimi” – Yaponiya elchixonalari”

Yaponiya viza tizimida ham kuchli tekshiruvlar bo‘ladi. Lekin dunyo bo‘yicha viza berishda eng “muloyimi” Yaponiya elchixonalari, deyishadi. Umumiy jarayon haqida gapirsam, birinchi O‘zbekistonda kerakli hujjatlar yig‘iladi, pochta orqali Yaponiyaga yuboriladi. Bu yerdagi tashkilot ko‘rib chiqib, Yaponiya immigratsiya tizimiga kiritadi va bu tizim viza berish-bermaslikni hal qiladi. Bu jarayonda avval Yaponiyaga kelganmi, qonun-qoidani buzganmi yoki yo‘q – shular tekshiriladi. Uzog‘i bilan 4 oy o‘tadi, shundan so‘ng O‘zbekistondagi Yaponiya elchixonasiga viza berish mumkinligi haqida bildirish yuboriladi. Elchixona nomzodni chaqiradi va bir haftacha muddatda viza chiqarib berishadi. O‘tgan yili fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsam, iyun oyida Yaponiyaga kelganman. Kelganimizga 7-8 oy bo‘lib qoldi.

Qurilishdagi sharoit juda yaxshi tashkil qilingan”

Boshida bir partiya bo‘lib 20 ga yaqin kishi bo‘lib keldik. Hamma har xil ishga taqsimlandi. Men o‘zim binolar qurishda, fasadiga ishlashda foydalaniladigan havoza (lesa) terish bilan shug‘ullanaman. Ishimiz boshida qiyin bo‘ldi, buning ustiga bu yerning ob-havosi ham dim edi. Qolaversa, tilning ham joyiga tushib ketishida vaqt ketdi. Hozir hammasi joyiga tushib ketgan.

Kunlik rejimim ertalab soat 08:00 da boshlanadi, 07:30 da ish joyida bo‘lish kerak. Hamma sheriklarim, boshliqlar, ustalarning ham hammasi boradi. Soat 17:00 gacha ish bo‘ladi, orada 2 soat vaqtimizning 1 soati tushlikka, yana bir soati esa dam olishga ketadi. Qurilishdagi sharoit juda yaxshi tashkil qilingan. Tartib-qoidalarga qat’iy amal qilinadi. Xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi. Eng qizig‘i, ertalab 15-20 daqiqa kunlik ish jarayoni rejalashtirilib, hammaning ishi bo‘lib chiqiladi, men O‘zbekistonda bunday narsani ko‘rmaganman. Bosim bilan ishlanmaydi, kunlik reja qo‘yilgan, shu bo‘yicha ish olib boriladi.

Daromadga kelsak, shartnoma bo‘yicha 245 ming iyena (1600 dollar) belgilangan, buning ichida soliqlar, ijtimoiy-maishiy xarajatlarimiz bor. Tokioga qaraganda, misol uchun, Osaka, Nagoya viloyatlarida yashash arzon deyishadi, o‘zim ham Nagoyada bir oy yashaganman, Tokio bilan farqi bor. O‘zi Tokio dunyoning eng qimmat shaharlaridan hisoblanadi, oziq-ovqat, ijara masalalari bo‘yicha ayniqsa. Shartnomamizga ko‘ra, ish beruvchimiz asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi, shuning hisobiga ko‘p xarajat qilmaymiz. O‘zim oyiga 150-200 dollar atrofida sarflayman. Ijara uchun ham 200 dollar atrofida to‘layman, 4 xonali uyda 3 kishi turamiz, har birimizga bittadan xona.

Ish beruvchi kompaniya ishchilarning huquqini ta’minlamasa, yopiladi”

Sug‘urta masalasida bizdan avvalroq kelgan akalarimiz “Yaponiyada eng adolatli va sifatli sug‘urta kompaniyalari bor”, deb aytishadi, shuning uchun qo‘rqmay 10-15 dollar atrofida pul to‘laymiz. Sharoitga kelsak, juda yaxshi. Bu yerda Yaponiyaning ish beruvchiga talab qo‘yadigan maxsus tashkiloti bor. Ijaraga qo‘yilayotgan uy yangi ta’mirlangan bo‘lishi, yashash sharoiti yaxshi bo‘lishi kerak. Agar talab bajarilmay, ish beruvchi tomonidan qonun-qoida bajarilmasa, ishlovchi odam kompaniya ustidan arz qilsa, kompaniya yopilib ketadi. Shuning uchun ish beruvchi sharoitlarni to‘g‘rilashga harakat qiladi.

P.S. Tahririyatimiz xorijda yashab, ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat, intervyularni doimiy ravishda berib borishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Chet eldagi yurtdoshlarimiz bilan har haftalik intervyularni tashkil qilish hamda muloqotni osonlashtirish uchun Kun.uz Telegram’da maxsus aloqa botini ishga tushirdi. O‘zbekistondan tashqari qaysi davlatda bo‘lishingizdan qat’i nazar, shu botga (@MusofirXati_bot) murojaat qilishingiz mumkin. So‘ralgan ma’lumotlarni qoldiring va bizning qahramonimizga aylaning!

Intervyuning to‘liq shaklini esa yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,

Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

 

 

Ko‘proq yangiliklar: