Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati 2018 yilning 1 apreligacha ishga tushiriladi

O‘zbekiston 10:04 / 25.08.2017 6739

O‘zbekiston hukumatining 15 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan saylovchilarning Yagona elektron ro‘yxatini (SYaER) shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

SYaER «Elektron hukumat» tizimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda yaratilmoqda.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

SYaERni yaratish bo‘yicha bosh pudratchini belgilash yuzasidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

2017 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahri xalq deputatlarining tumanlar Kengashlariga saylovlar davomida axborot tizimining SYaERni shakllantirish va yuritishni nazarda tutuvchi tajriba tartibida foydalanilishi huquqiy eksperiment sifatida amalga oshirilishini, 2018 yilning 1 apreligacha esa — SYaERni yaratishni va butun mamlakat bo‘yicha ishga tushirishni ta'minlaydi;
 
SYaERni yaratish va SYaERni shakllantirishga yo‘naltirilgan idoraviy axborot tizimlarini takomillashtirish bilan bog‘liq xarajatlar Axborot-kommunikatsiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda SYaERning ishlashini texnikaviy ta'minlash uchun ko‘maklashishga Koreya Respublikasi tomonidan ajratiladigan grant mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi 

Tasdiqlangan nizomga muvofiq, SYaER O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan, doimiy yoki vaqtincha turar joyga ega bo‘lgan, muomalaga layoqatli, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanmayotgan fuqarolari kiritiladigan davlat axborot resursi hisoblanadi. 

SYaERga kiritilgan saylovchi fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlaridan iborat bo‘lgan axborotlar bilan ishlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

SYaER O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi tomonidan Nizomning 2-bandiga muvofiq taqdim etiladigan saylovchi fuqarolar to‘g‘risidagi; saylov kampaniyasi davrida saylovchilar ro‘yxatlarini aniqlashtirish orqali saylov komissiyalari tomonidan taqdim etiladigan saylovchi fuqarolar to‘g‘risidagi axborotlar asosida shakllantiriladi va yangilab boriladi

SYaER bir yilda bir marta, saylov kampaniyasi davrida esa MSK tomonidan DPM va Operator bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadvalga muvofiq yangilanadi.

Saylovchi fuqaro o‘zi biriktirilgan saylov uchastkasi, manzili va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritish yo‘li bilan MSK rasmiy veb-saytining elektron kartasida saylov uchastkasining joylashuvi (dislokatsiyasi)ga oid axborot bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: