O‘zbekiston va AEXA kichik quvvatli AESni yaratish loyihasi bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtiradi

O‘zbekiston 09:24 / 26.04.2024 1591

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiyot masalalar qo‘mitasi raisi Durbek Ahmedov OPeK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan "Iqlim bo‘yicha qarorlar qabul qilish haftaligi" sessiyasidagi ishtiroki doirasida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh direktori o‘rinbosari Mixail Chudakov bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Uchrashuvda O‘zbekiston yadro infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, muqobil energiyadan foydalanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi o‘zaro hamkorlik, atom sanoatini rivojlantirishda parlamentning roli muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida tomonlar hamkorlikning joriy va istiqbolli rejalarini muhokama qildi, yadroviy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajasini tasdiqladi, shuningdek, yangi loyihalarni, jumladan, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini yaratish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishdan manfaatdorlik bildirdi.

Alohida e’tibor Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik bosh direktori Rafael Grossining "Nolsiz yadroviy innovatsiyalar" (Atoms4NetZero) tashabbusiga qaratildi. Ushbu tashabbus a’zo davlatlarni energiyani nol emissiyaga o‘tishda atom energiyasidan foydalanishga qaratilgan sa’y-harakatlarida qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuvda Qarorlar qabul qilish jarayoniga jamoatchilikni faol jalb etish, bu borada shaffoflik va javobgarlikni ta’minlashning muhimligi qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: