“WikiStipendiya” loyihasining ikkinchi mavsumiga start berildi

O‘zbekiston 11:22 / 31.05.2023 4936

Kecha, 30 may kuni Toshkentdagi “Kitob olami” majmuasida “WikiStipendiya” marafonining ikkinchi mavsumi boshlanishi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Loyiha haqida

“WikiStipendiya” — ko‘p tilli, erkin internet ensiklopediya – Vikipediyada o‘zbek tilida yozilgan maqolalarni ko‘paytirishni maqsad qilgan tashabbus. Loyiha Yoshlar ishlari agentligi va tarmoqning o‘zbekistonlik administratorlari tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.

“WikiStipendiya” loyihasi boshlangandan buyon o‘zbekcha Vikipediyada sezilari o‘sish yuz berdi. Jumladan, oromgoh boshlangunga qadar Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar soni 224 ming 317 tani tashkil etgan bo‘lsa, dastlabki uch kunning o‘zida o‘sishlar soni qariyb 10 ming maqolaga yetib, jahon vikipediyalar tizmasida 45-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda birinchilikka chiqdi. Bundan avval ushbu o‘rinni qozoqcha Vikipediya egallab turgan edi. Ayni damda Vikipediyadagi o‘zbekcha maqolalar soni 233 mingga yetdi.

Matbuot anjumanida tashkilotchilar tomonidan ikkinchi mavsumda rejalangan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, ikkinchi mavsumda o‘zbekcha vikipediyadagi maqolalarni chet tillaridagi vikipediyalarga tarjima qilish, o‘zbekcha vikipediyada O‘zbekiston hududlari haqida ma’lumotlarni ko‘paytirish, statusli maqolalar tanlovini o‘tkazish kabi marafonlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tadbirda Kun.uz muxbiri tashkilotchilarga o‘zbek tilidagi maqolalar soni ko‘payib borayotgani bilan ularning sifati borasida hali muammolar ko‘pligi bo‘yicha savol bilan murojaat qildi.

Kanadaning Kuins universiteti doktoranti, Vikipediya administratori Nodir Atayevga ko‘ra, bu masala loyiha tashkilotchilariga ham yaxshi tanish va ikkinchi mavsumda maqolalarni sifatli qilib to‘ldirish ustida ham ishlanadi.

“Biz “WikiStipendiya” loyihasining birinchi mavsumida asosan songa e’tibor qaratgandik, mana endi ikkinchi mavsumda sifat ustida ko‘proq ishlamoqchimiz. Buning uchun O‘zbekistondagi universitetlar, yosh olimlar bilan ham hamkorlikni rejalashtirganmiz. Hozircha O‘zbekiston Milliy universiteti biz bilan shunday hamkorlikka rozi bo‘ldi. Qolgan universitetlarni ham hamkorlikka chaqiramiz.

Vikipediya tarmog‘ida o‘zbek tilidagi maqola va ma’lumotlar qancha ko‘paysa, bu barchamiz uchun foydali”, – dedi u.

“WikiStipendiya” loyihasi tashkilotchilari bugundan viloyatlarga yo‘l oladi va hududlardagi talabalar, loyihada qatnashishni istagan yoshlar bilan mahorat darslari o‘tkazadi. Safar davomida shuningdek, Vikipediyaga O‘zbekiston hududlari haqidagi eng yangi ma’lumotlarni kiritish, to‘ldirish marafoni ham o‘rin olgan.

Ko‘proq yangiliklar: