Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy qiladi

Jahon 07:26 / 03.12.2022 3973

Yevropa komissiyasi 2 dekabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining cheklovchi choralarini buzganlik uchun jinoiy jazo joriy etishni taklif qildi. Ushbu chora sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun qonuniy bo‘shliqlarni yopishga mo‘ljallangan, shu jumladan sanksiyalar ostida qolgan rossiyaliklarga ham, deb tushuntirdi Bryussel.

«Oligarxlar o‘z mablag‘larini yashirish uchun qonundagi bo‘shliqlardan foydalanmoqda, - dedi Yevropa komissiyasi adliya vakili Kristian Vigand. - Bizning taklifimiz bu bo‘shliqlarni yopish va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining to‘g‘ri bajarilishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan».

Shunday qilib, pul mablag‘larini ko‘chirish yoki ularning haqiqiy egalarini yashirish orqali Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tish yoki chetlab o‘tishga urinish barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida jinoiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Qoidabuzarlar besh yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi, kompaniyalar esa katta miqdorda jarima to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Yevropa Komissiyasi tomonidan tuzilgan qonunbuzarliklar ro‘yxatiga, shuningdek, sanksiyalangan tovarlar va xizmatlar savdosi, sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun uchinchi davlatlar bilan operatsiyalar, sanksiyalarga duchor bo‘lgan shaxslarga pul mablag‘larini taqdim etish, ushbu mablag‘larni muzlatib qo‘ymaslik, sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslarni Yevropa Ittifoqiga kiritish va boshqa harakatlar kiradi.

Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlarida sanksiyalarni chetlab o‘tish hali ham ma’muriy huquqbuzarlik sifatida ko‘riladi. Shu bilan birga, jazo choralari qo‘llanadigan shaxslarning muzlatilgan mol-mulki faqat jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirdagina musodara qilinishi mumkin. YeI darajasida yagona yondashuvni joriy etish har bir davlat rasmiylariga sanksiyalar buzilishi holatlarini yanada samaraliroq tekshirish, jinoiy javobgarlikka tortish va jazolash imkonini beradi, deya ta’kidlaydi YeI rasmiylari.

Xususan - Rossiya oligarxlarining Yevropa Ittifoqining barcha davlatlarida muzlatilgan aktivlarini musodara qilish. Cheklov choralarini chetlab o‘tish natijasida olingan mablag‘lar va iqtisodiy resurslar «jinoyatdan olingan daromadlar» deb hisoblanishi kerak, deb ta’kidlaydi Yevropa Komissiyasi. Musodara Yevropa Ittifoqi darajasida emas, balki alohida mamlakatlarning rasmiy organlari tomonidan milliy jinoiy kodekslar asosida amalga oshiriladi.

Hozirda Yevropa Ittifoqi rossiyalik oligarxlarning 19 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygan. «Rossiya agressiyasi bilan bog‘liq oligarxlar va boshqalar tomonidan nazorat qilinadigan aktivlarni muzlatish Rossiya harbiy mashinasini yo‘q qilishning kalitidir», - deydi Yevropa komissiyasi.

Endi uning taklifi Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan odatiy qonunchilik tartibida muhokama qilinadi. Bryussel yangilik yaqin oylarda qabul qilinishini kutmoqda, dedi Kristian Vigand.

«Rossiya va oligarxlar Ukrainaga yetkazilgan zararni va qayta qurish xarajatlarini qoplashi kerak», dedi 30 noyabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. U Ukrainadagi urush va uning oqibatlari uchun Rossiyani javobgarlikka tortish bo‘yicha yangi choralarni taqdim etdi. Bu choralarga Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainani qayta tiklash uchun foydalanish va Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzini tekshirish uchun mustaqil xalqaro sud tashkil etish kiradi.

Ukrainani qayta tiklash uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish yo‘llarini topish talabi bilan Yevropa Ittifoqi kengashi oktabr oyida Yevropa Komissiyasiga murojaat qilgan. Natijada u Yevropa Ittifoqi qonunchiligi va xalqaro huquqqa muvofiq variantlarni ishlab chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: