“O‘zbekneftgaz”: Turkiyada o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarida yengil atletikachilarimiz uzunlikka sakrash, nayza uloqtirish va yugurish bahslarida sovrinli o‘rinlarni egallashdi

O‘zbekiston 10:14 / 11.08.2022 6797

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbari Mehriddin Abdullayev ushbu musobaqada ishtirok etayotgan atletlarimizning holati va kutilayotgan natijalar, ularning kayfiyati hamda muvaffaqiyatli ishtirok etishlari borasida terma jamoa murabbiylari bilan suhbatlashib, sportchilarimizning g‘alabasi ularning izdoshlari uchun motivatsiya bo‘lishi, shu sabab imkon qadar sovrinli o‘rinlarni egallash lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Sportchilar esa musobaqaning dastlabki kunlaridagi ishtiroklarining o‘zidayoq, ijobiy natijalar qayd etib sport ishqibozlariga xursandchilik ulashishmoqda.

Jumladan, uzunlikka sakrash bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan sportchimiz Roksana Xudoyorova 6.32 metrlik natija bilan bronza medalga egalik qildi. Ushbu dasturda qatnashgan yana bir yengil atletikachimiz Darya Reznichenko ham 6.28 metr natija bilan kuchli beshlikdan joy egalladi.

Yengil atletikachilarning yana bir g‘alabasi esa Nargiza Qo‘chqorova tomonidan qo‘lga kiritildi. U nayza uloqtirish musobaqasida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, 56.08 metr natijani qayd etdi va bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Islom birdamlik o‘yinlaridagi ushbu yo‘nalishda bahslarda ishtirok etgan vakilamiz Musharrafxon Saidahmedova 56.06 metr natija bilan to‘rtinchi o‘rinni band etdi. 

Konya-2021 o‘yinlarida yengil atletikachilar safida 400 metr masofaga yugurish dasturida qatnashgan Farida Soliyeva o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi.

Farida Soliyeva 54.07 natija bilan marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi va 21 yoshli sportchimiz musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi hamda o‘z faoliyati eng yaxshi ko‘rsatkichini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Konya-2021 V Islom birdamligi o‘yinlari 18 avgustga qadar davom etadi.

“O‘zbekneftgaz” Matbuot xizmati 

Ko‘proq yangiliklar: