Germaniya kansleri Olaf Shols Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning 25 aprel, payshanba kuni Sorbonna universitetida so‘zlagan nutqida bildirgan g‘oyalarini qo‘llab-quvvatladi.
«Fransiya va Germaniya birgalikda Yevropaning kuchli bo‘lib qolishini istaydi. Sizning nutqingiz bunga erishish uchun yaxshi impulslarni o‘z ichiga oladi. Biz birgalikda siyosiy va iqtisodiy jihatdan oldinga siljiymiz. Suveren va innovatsion Yevropa Ittifoqi uchun! Yashasin, Yevropa!» – deya Shols Makronga X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
Avvalroq Makron qo‘shnilar tajovuzkorlik ko‘rsata boshlagan sharoitda Yevropa o‘zi uchun ishonchli mudofaa konsepsiyasini yaratishi zarurligini ta’kidlagan edi. «Buni zudlik bilan qilishimiz kerak va bu mudofaa sohasidagi yangi paradigma, - deya ta’kidladi Makron. - Yevropa ittifoqchilari bilan birgalikda o‘zi uchun qadrli bo‘lgan narsani himoya qilishga tayyor bo‘lishi kerak».
Makron: Rossiyaning Ukrainadagi urushi - Yevropa uchun asosiy tahdid
«Agressiv bo‘lib qolgan, ballistik qobiliyatga ega, so‘nggi yillarda ko‘plab yangiliklar kiritgan, yadro quroliga ega bo‘lgan va o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatgan qo‘shnimiz bor ekan, biz ishonchli Yevropa mudofaasi uchun strategik konsepsiyani yaratishimiz kerak», dedi Fransiya prezidenti.
Makron Rossiyaning Ukrainadagi urushini «bugungi kunda Yevropa xavfsizligiga asosiy tahdid» deb atadi. «Kuchli Evropa - bu hurmatga sazovor va xavfsiz bo‘lgan Yevropa», dedi u.
Makron Yevropa harbiy akademiyasini yaratish tarafdori
Fransiya prezidenti yadroviy to‘siqni Yevropa qit’asi mudofaasining eng muhim elementi deb atadi. «Mana shu ishonchli mudofaa tufayli biz Yevropadagi barcha hamkorlarimiz kutayotgan xavfsizlik kafolatlarini yarata olamiz va bundan barcha uchun xavfsizlikni kafolatlaydigan umumiy xavfsizlik tizimini yaratishda foydalaniladi», deb ta’kidladi Fransiya rahbari.
Bundan tashqari, Makron «xavfsizlik va mudofaa sohalarida bo‘lajak Yevropa harbiy va fuqarolik yetakchilarini tayyorlash uchun» Yevropa harbiy akademiyasini yaratish tarafdori. U, shuningdek, 2025 yilgacha «tezkorlikda» joylashtirilishi mumkin bo‘lgan harakat kuchlarini tuzishga chaqirdi.