«Jadid bobolarimizga munosib avlod yetishib chiqishiga ishonaman» – Shavkat Mirziyoyev prezident maktablari ahamiyati haqida

O‘zbekiston 10:22 / 11.08.2022 5805

“Nima uchun men prezident maktablari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilyapman? Chunki vaqti kelib iqtidorli o‘g‘il-qizlarim orasidan jadid bobolarimizga munosib avlod yetishib chiqishiga ishonaman. 

Bilasiz, jadidlar vatan taraqqiyoti uchun qanchalik qayg‘urgan. Ularning milliy uyg‘onish uchun aytgan gaplari haligacha o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. O‘sha yillari Germaniyada o‘qib kelgan yuzlab aqlli insonlar qatag‘on qilinmaganida edi, ular o‘zbek xalqi gultojiga aylanardi va yurt qadrini baland ko‘tarardi. Afsus, buni bilganlar eng shafqatsiz yo‘ldan borishdi va tariximiz og‘ir kunlarni boshdan kechirdi.

Hozir biz mustaqil davlatmiz. Umidli yoshlarni tarbiyalash, avaylab asrash o‘z qo‘limizda. Shunday ekan bolalarimiz ilm olishi uchun hech narsani ayamaymiz. 

Mana, Arxitektura va qurilish instituti talabalari turishibdi. Ularning takliflarini eshitdingiz. Hammasi qalbida ishtiyoq qaynab turgan o‘zimizning qorako‘zlar. Xudo xohlasa, biz ular o‘z ilmiy ishlanmalarini hayotga tatbiq etishlari uchun zarur sharoit yaratib beramiz”, – deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, davlat rahbari Samarqanddagi qurilishlar, xususan “Samarqand siti” majmuasi bo‘yicha so‘zladi:

“Yaqinda bu majmua to‘liq tayyor bo‘ladi. Hozirdanoq qator davlatlardan takliflar kelib tushmoqda. Mehmonxonalardagi minglab o‘rinlarni oldindan olib qo‘yishmoqchi. Chunki biz ziyorat turizmini rivojlantiryapmiz. Lekin ziyorat turizmi deb targ‘ib qilyapmizmi, shunga loyiq sharoitni ham yaratib qo‘yishimiz kerak. Imom Buxoriy, Moturidiy bobolarimizni ziyorat qilishga kelgan odam albatta qayerdadir dam olishi, ovqatlanishi, transportda harakatlanishi lozim. Demak, biz bularning hammasini o‘ylashimiz zarur. Bu kelajakda minglab qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo bo‘lishiga zamin yaratadi”, – dedi davlat rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: