Fuqarolar beg‘araz donorlik uchun qon topshirishga rag‘batlantiriladi

Jamiyat 20:50 / 09.08.2022 11980

O‘zbekistonda qon bilan ishlash muassasalari faoliyati takomillashtiriladi va aholi orasida beg‘araz donorlik harakati rivojlantiriladi. Bu borada prezident qarori imzolandi.

“Nigoh” Telegram-kanalining xabar berishicha, qarorga binoan:

  • doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi;
  • donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil – mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 foizi (ayni paytda 27 ming so‘m) miqdorida belgilanadi;
  • immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi;
  • shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha) oshiriladi.

Mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
  • davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish;
  • ular uchun qulay vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni 2014 yilda ta’sis etilgan. Bu nishon o‘z qonini kamida 40 marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida 60 marta bepul topshirgan shaxslarga beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: