Prezident “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

O‘zbekiston 11:07 / 09.08.2022 13243

Ijro hokimiyati tizimida ishlayotgan 118 mingdan ortiq xodim va amaldorga taalluqli “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi.

Davlat xizmatchisi o‘z rahbari noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish, korrupsiya haqida xabar berganda davlat himoyasida bo‘lish huquqiga ega. Korrupsion jinoyatda aybdor deb topilgan shaxslar endi davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.

Davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taqiqlanadi. Davlat xizmatchisi daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya berishi kerak.

Prezident tomonidan tasdiqlanadigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari reyestri Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi. Davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanadi. Davlat xizmatchilariga haq to‘lash quyidagilardan iborat: bazaviy lavozim maoshi; ko‘p yillik xizmati uchun qo‘shimcha to‘lov; malaka darajasi uchun qo‘shimcha to‘lov; eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarga erishganlik uchun ustama; hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar.

Davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan bo‘shatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qo‘llaniladi. Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam bo‘lmagan yillik asosiy ta’til beriladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: