Buxoroda 829 ta madaniy meros obektidan atigi 139 tasi turistik marshrutga kiritilgan 

O‘zbekiston 08:03 / 09.08.2022 2211

Joriy yil 4 – 5 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan Senat 29-yalpi majlisida Buxoro viloyatida turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimi hisoboti eshitildi.

Viloyatda 2021 yildan buyon 28 ta yangi mehmonxona, 29 ta xostel, 45 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilib, joylashtirish vositalari umumiy soni 430 tadan ortgan, ulardagi o‘rinlar soni esa qariyb 11 mingga yetkazilishi ta’minlangan.

Shu bilan birga, senatorlar sohadagi mavjud kamchiliklarga e’tibor berish va o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligini qayd etishdi.

Xususan, Buxoro xalqaro aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan to‘liq foydalangan holda, yangi aviayo‘nalishlar ochish, xalqaro yo‘nalishda Dubay, Jakarta, Kuala-Lumpur, Lahor, Dushanbe shaharlaridan Buxoroga to‘g‘ridan to‘g‘ri va charter reyslarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar yashashi va ularga xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha aksariyat joylashtirish vositalarida qonunchilikda belgilangan talablar asosida shart-sharoitlar yaratish zarur ekani ma’lum qilindi.

Viloyatdagi mavjud turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida madaniy meros obektlariga (829 ta madaniy meros obektidan 139 tasi turistik marshrutga kiritilgan) turizm marshrutlarini yanada ko‘paytirish kerakligi aytib o‘tildi.

Yalpi majlisdagi muhokama yakuni bo‘yicha o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan Senat tegishli qarori qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: