Yakkasaroy hokimligi yuristi tumandagi maktab hududidagi basseynda vafot etdi

Jamiyat 14:22 / 26.04.2024 29356

Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hokimligi yuriskonsulti Nodir Akbarov maktab hududidagi basseynda vafot etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, hokimlik xodimlari uchun 18 aprel kuni ziyofat tadbiri o‘tkazilgan. Unda spirtli ichimliklar iste’mol qilingan bo‘lishi mumkin. Tadbirdan keyin hokimning ikki o‘rinbosari hamda yuristi tumandagi 160-sonli bolalar va o‘smirlar maktabi hududidagi basseynga borishgan. Basseynda cho‘milish chog‘ida hokimlik yuriskonsultining sog‘ligi yomonlashib, vafot etgan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, 2024 yil 18 aprel kuni soat 15:30 lar atrofida 1970 yilda tug‘ilgan erkak, Yakkasaroy tumani hokimligi huquqshunosi tumanda joylashgan maktabdagi basseynda cho‘milganda ahvoli yomonlashib, vafot etgan. Marhumning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi taynlangan. Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2024 yil 22 aprel kuni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovaning qaroriga ko‘ra Nodir Akbarov bilan mehant shartnomasi uning vafot etgani munosabati bilan bekor qilingan.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. U yerda bu borada Yakkasaroy tumani hokimligidan ma’lumot olish mumkinligini bildirishdi.

Biroq Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati tahririyat so‘rovlarini javobsiz qoldirdi.

Ko‘proq yangiliklar: