“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” AJ: Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish – ustuvor vazifa

Jamiyat 19:00 / 08.08.2022 9770

Bugungi kunda Andijon viloyatida 641 mingdan ziyod aholi va 18 196 ta ulgurji iste’molchilar elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda. Ularga “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida bo‘lgan 136 dona podstansiyadagi 195 dona katta kuch transformatorlari hamda 8 mingdan ortiq past kuchlanishli transformator punktlari orqali 19 ming 182 km elektr uzatish tarmoqlari yordamida elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

– Iste’molchilarning elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash hamda sifatli elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida  1871,5 km 110-0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 754 dona transformator punktlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan, - deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” AJ direktori Xurshidbek Yuldashev. - Shu kunga qadar   1366.3 km elektr uzatish tarmoqlarini tortish ishlari bajarildi, 3 dona yuqori va 559 dona past kuchlanishli transformator punkti, 26 ta 110-35 kVli o‘chirgich, 52 dona OD va KZ qurilmasi mukammal ta’mirlandi. Qo‘rg‘ontepa tumanidagi  110/10 kV kuchlanishli “Qahramon” podstansiyasidagi T-1 10 000, T-2 10 000 kVA kuch transformatorlari, Asaka tumanidagi 110/35/6 kV “Asaka” podstansiyasidagi T-2 15 000 kVA hamda Andijon tumanidagi 35/10 kVli “Guliston” podstansiyasidagi T-2 4000 kVA transformatorlari mukammal ta’mirdan chiqarilib, mazkur hududdagi aholi va ulgurji iste’molchilarning elektr ta’minotidagi muammolariga barham berildi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida joriy yilda viloyat bo‘yicha 3777,7 km 110-0,4 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 1436 dona transformator punktlarini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib,  Jamiyat xodimlari tomonidan yil boshidan mavsumga tayyorgarlik doirasida 3033.6 km elektr tarmoqlari tortilib, 1153 ta transformator punkti, 110-35 kVli 78 ta podstansiya va undagi 134 ta kuch transformatori, 145 dona 110-35 kVli o‘chirgich joriy ta’mirdan chiqarildi.

36 mingdan ortiq iste’molchisiga ega bo‘lgan Marhamat tumanida ham mavsumga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Tumandagi 258,2 km uzunlikdagi  6/10-0,4 kV elektr uzatish havo tarmoqlari hamda 122 dona transformator punktida ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar 205,3 km uzunlikdagi tarmoqlar hamda 98 dona transformator punktida bu boradagi ishlar amalga oshirildi. “Birlik”, “Uvaysiy”, “Chilon”, “Navro‘z” va “Xo‘jariq” MFYlar o‘ramidagi iste’molchilarning elektr ta’minotini yanada yaxshilash uchun yangi 2 dona 100 kVA KTPm rusumidagi transformator punkti o‘rnatildi- deydi Marhamat tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Jasurbek Abdug‘aniyev.

Yuqoridagi ishlar bilan birga, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish Dasturiga asosan joriy yilda viloyat bo‘yicha 442,8 km elektr uzatish tarmoqlari va 162 dona transformator punkti o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar yangi 8256 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatilib, 184,3 km uzunlik elektr uzatish tarmoqlari tortildi. 

Bundan tashqari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida 2202 dona temir-beton tayanchlar o‘rnatildi va 51.45 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortildi, shuningdek 8 dona transformator punkti yangidan qurildi va modernizatsiya qilindi.

Qish mavsumida iste’molchilarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Andijon hududiy elektr tarmoqlari” AJ qoshida “Markaziy ta’mirlash ustaxonasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda nosoz transformator punktlarini ta’mirlash ishlari olib boriladi. Shuningdek, mavsum uchun 32 ta avariyalarni bartaraf etish brigadalari hamda 41 ta maxsus avtotransport vositalari shay holatga keltirildi. Elektr energiyasidan va yong‘indan saqlanish uchun himoya vositalari bilan jihozlandi.

Yuqoridagi amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mavjud elektr uzatish havo tarmoqlarini hamda transformator punktlarining me’yoriy ishlashini ta’minlash, elektr kuch qurilmalari nosozlikdan o‘chishining oldini olish va shu orqali sifatli elektr energiya bilan ta’minlashga erishiladi. Viloyatda elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha olib borilayotgan yangi qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari natijasida 305 ta mahalladagi 295 mingdan ortiq aholi xonadonlari va 2400 ta ijtimoiy soha obektlari iste’molchilariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi sifati yanada yaxshilanadi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda soha xodimlari uchun mavsumga tayyorgarlik borasida olib borilgan tizimli ishlar aholini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf qilish hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish ustuvor vazifaga aylangan.

“Andijon HETK”AJ matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: