Rossiya bitta qishloqni uch marta «nazoratiga olgan», Ukrainada mavjud bo‘lgan texnikalardan ko‘prog‘ini «yo‘q qilgan»

Jahon 00:01 / 01.07.2022 27839

«Proyekt» nashri RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkovning urush boshidan buyon berib kelayotgan barcha bayonotlarini tahlil qilib chiqdi va ularda, xususan, Ukraina hududlarini egallab olish ketma-ketligi va go‘yoki Rossiya tomonidan yo‘q qilingan Ukraina harbiy texnikalari soni bilan bog‘liq nomuvofiqliklarni aniqladi. 

Jurnalistlarning e’tibor qaratishicha, Konashenkov 25 ta aholi punkti rossiyalik harbiylar tomonidan egallangani haqida kamida ikki martadan xabar qilgan. U Kreminna (Kremennaya) shahri egallangani haqida to‘rt bor xabar bergan bo‘lsa, uning bayonotlarida Borovenki, Taramchuk va Novomayorskaya aholi punktlari egallangani to‘g‘risida uch martadan xabar qilingan. Ba’zida esa press-relizlarda mavjud bo‘lmagan toponimlar ham uchragan — masalan, 17 aprel kungi press-relizda «Pavlogradskaya oblasti» haqida keltiriladi.

«Proyekt» RF mudofaa vazirligi urush davrida 84 ta «Bayraktar» urib tushirilgani haqida xabar berganiga e’tibor qaratgan, bu esa Ukrainada rasman mavjud bo‘lgan shunday dronlar sonidan 22 taga ko‘proqdir. Rossiya tomoni Ukrainaning 3800 dona zirhli mashinasi yo‘q qilinganini xabar qilgan - bu esa nafaqat Ukrainada urushdan oldingi davrda bo‘lgan zirhli transportlar sonidan (rossiyaliklar bahosiga ko‘ra 2416 dona), balki mojaro boshlangach G‘arb tomonidan yetkazib berilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan texnikalar (700 atrofida) qo‘shib hisoblangandagi miqdordan ham ancha ko‘p.

Shuningdek, jurnalistlar Ukraina qo‘shinining «jonli kuchlari va texnikalari joylashgan nuqtalari» va «tayanch punktlari» tarzidagi formulirovka tez-tez uchrashiga e’tibor qaratgan — urushning yuz kuni mobaynida RF 39 mingta shunday obektlar yo‘q qilingani haqida xabar qilgan. «Proyekt» bu atama aynan nimani anglatishidan bexabar, ammo press-relizlarga ko‘ra, yo‘q qilingan texnikalar soni bundan ancha kam — 9715 dona, halok bo‘lgan ukrain harbiylari soni (bo‘rttirilgani tayin) — 40 ming.

Shu tariqa, Mudofaa vazirligi mantig‘iga ko‘ra, «jonli kuchlar va texnikalar joylashgan nuqtalar» va «tayanch punktlari»ning har biriga bir nafardan halok bo‘lgan ukrain harbiysi va bir chorakta texnika to‘g‘ri keladi, deya xulosa qilgan «Proyekt».

 

Ko‘proq yangiliklar: