AQSh Davlat departamenti saylovlarga aralashuv haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi

Jahon 11:11 / 01.07.2022 5805

AQSh Davlat departamenti «Adolat uchun mukofot» (RFJ) dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlar saylovlariga chet eldan aralashuv haqida ma’lumot berganlar uchun mukofot e’lon qildi. Saylovga aralashuvda bila turib ishtirok etgan yoki ishtirok etayotgan har qanday xorijiy shaxs yoki yuridik shaxsning shaxsini yoki joylashgan manzilini aniqlovchi ma’lumotlar, shuningdek «saylovga chet el aralashuvi aktining oldini olish, to‘xtatib turish yoki ijobiy hal etish»ga olib keladigan ma’lumotlar uchun 10 million dollargacha mukofot to‘lanishi mumkin, deyiladi Davlat departamenti saytida 30 iyun, payshanba kuni e’lon qilingan xabarda. Gap ovoz berish natijalarini soxtalashtirishga urinishlar, ma’lumotlar bazalarini buzish, shuningdek, dezinformatsiya va «botofermalar» yaratish kampaniyalari haqida bormoqda, deya tushuntirdi AQSh tashqi siyosat idorasi.

Aprel oyida AQSh Davlat departamenti Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi bosh boshqarmasining 6 nafar xodimi haqidagi ma’lumot uchun xuddi shunday mukofotni taklif qilgan edi, ular 2017 yil AQSh va boshqa mamlakatlardagi kompyuterlarni NotPetya dasturi bilan zararlashda ishtirok etgan deb hisoblanmoqda. Kiberhujumlar natijasida Pensilvaniyadagi tibbiyot muassasalari va xususiy sektordagi bir qator Amerika kompaniyalari qariyb 1 milliard dollar miqdorida zarar ko‘rdi. 2020 yil oktyabr oyida hakamlar hay’ati olti nafar rossiyalikka kompyuter firibgarligi maqsadida o‘zaro til biriktirganlik bo‘yicha ayblov qo‘ydi.

Rasmiy Vashington Rossiyani AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuvda bir necha bor ayblagan. 2019 yilning bahorida AQSh maxsus prokurori Robert Myullerning Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashuvi bo‘yicha tergovi yakunlandi. Maxsus prokuror Rossiya vakillarining saylovoldi poygasiga aralashishga urinishlarini fosh qildi, biroq ovoz berish natijalariga ko‘ra davlat rahbari bo‘lgan Donald Trampning saylovoldi shtabi Rossiya rasmiylari bilan til biriktirgani isbotlay olinmadi. 

2020 yilgi saylovlardan so‘ng Qo‘shma Shtatlar tomoni yana Rossiya Federatsiyasini Tramp foydasiga ovoz berish natijasiga ta’sir o‘tkazishga uringanlikda aybladi. Moskva saylovlarga aralashish haqidagi ayblovlarni asossiz deb atadi. 

«Adolat uchun mukofot» dasturi 1984 yilda boshlangan. Tashkil etilganidan beri 125 dan ortiq shaxs uning doirasida tezkor ma’lumot taqdim etgani uchun 250 million dollardan ko‘proq pul olgan. 

Ko‘proq yangiliklar: