O‘zbekistonga bir kunda qancha noqonuniy tovar kirib kelishini bilasizmi?

Jamiyat 13:58 / 01.06.2022 23105

Kontrabanda sigaretalarning tarqalishi

Do‘konlar peshtaxtalari va ko‘chadagi sotuvchilarda aksiz markasi bo‘lmagan, ogohlantiruvchi yozuvlar va suratlar tushirilmagan, ya’ni O‘zbekiston bozori uchun mo‘ljallanmagan sigaretalarni kundan kunga ko‘proq uchratyapmiz. Ular narxiga ko‘ra farqlanadi: juda arzon zumeret, covallo, mond, Milano’dan tortib, qimmat, narxi qonuniy markalarnikidan baland Esse’gacha. Statistikaga ko‘ra, noqonuniy sigaretalar ulushi o‘tgan yilda uch baravar o‘sdi va Farg‘ona viloyatida 30 %ga va butun mamlakatda qariyb 15 %ga yetdi.

Milano fenomeni

Eng keng tarqalgan kontrabanda sigaretasi Milano’dek jarangli nomdagi sigaretalar sanaladi. Ularning Italiyaga umuman aloqasi yo‘q. Aftidan, birgina nom bilan avrab bo‘lmasligini tushungan chog‘i, ishlab chiqaruvchi yana qo‘shimcha nomlar ham qo‘shadi: London, Nyu York, Parij. Vodiyda bu sigaretalarni 9000 so‘mdan topish mumkin, poytaxtda 12000 va undan qimmatroqqa sotiladi. Kontrabanda qutida mamlakatimiz qonunchiligiga ko‘ra zaruriy sanalgan axborot mavjud emas, ammo, berilgan ozgina ma’lumotdan uning ishlab chiqaruvchisi Gulbahar Tobacco International ekanini aniqlash mumkin. Bu ishlab chiqaruvchining saytiga kiramiz va noqonuniy biznesga asoslangan ko‘plab fabrikalar kabi u ham Birlashgan Arab Amirliklari, Dubay shahridagi duty free hududida joylashganini bilib olamiz. Ishlab chiqaruvchining saytiga murojaat qilib, O‘zbekiston noqonuniy bozorida mavjud ayni markalar ko‘rsatilganini ko‘ramiz. Bu quyidagicha tarzda ishlaydi: sigaretalar go‘yoki eksport uchun erkin iqtisodiy zonada ishlab chiqariladi, ya’ni bu tovarga aksiz va soliqlar to‘lanmaydi, tovar O‘zbekiston bozoridagi qonunchilik talablariga muvofiq kelmasligi BAAda hech kimni qiziqtirmaydi. Savdoda yana Milano’ning rasmiy, ya’ni kerakli ogohlantiruvchi yozuvlarga ega qutilari ham uchraydi. To‘g‘ri, ular 2020 yilda chiqarilgan – bunday eski tovar allaqachon o‘z iste’mol sifatlarini yo‘qotgan bo‘ladi. Bunday qutilarda axborot ko‘proq bo‘ladi va ulardan bilamizki, bu sigaretalar umuman Dubayda emas, balki Rossiyada, Rostov shahrida ishlab chiqarilgan. Ochiq manbalardan ma’lumki, afg‘onistonlik uch aka-ukaning O‘zbekistondagi biznesi 90-yillarda sigaretalar ulgurji savdosidan boshlangan. Keyinroq 1995 yilda, aftidan foydaning bir qismini ishlab chiqaruvchiga berish nega zarur, degan fikrga kelganlar shekilli, Dubaydagi erkin iqtisodiy zona – Jabal Alida o‘zlari sigaretalar ishlab chiqarishni boshlaganlar. Bu hududda keyinchalik Yevropa, Osiyo mamlakatlariga noqonuniy jo‘natiladigan aksariyat sigareta ishlab chiqarishlari joylashgan. Keyinroq Rossiyada, Rostovda ishlab chiqarish maydonchasi ochilgan. Ishlab chiqaruvchi tovar sotiladigan bozor talablariga muvofiq qadoq ishlab chiqish bilan boshini og‘ritib o‘tirmaydi – sigaretalar baribir chegaradan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgach, buning nima keragi bor – hatto qutiga barcha kerakli axborot yozilganda ham, bundan ular qonuniy bo‘lib qolmaydilar.

Sifat

Sigaretalar tarkibi qanday? Tegishli organlar tomonidan bir necha quti akkreditatsiyalangan laboratoriyaga tekshirishga yuborildi. Birinchi va anchayin kutilgan xulosa: bu sigaretalar O‘zbekiston Respublikasining markirovkalash, qutidagi axborot bo‘yicha texnik normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmaydi. O‘lchovlar natijalari ko‘rsatishicha, quti ustidagi, sigareta tutunida mavjud qatron va nikotin miqdori haqidagi axborot amaldagi ko‘rsatkichdan 2-5 barobar kam bo‘lgan. Noqonuniy sigaretalar uchun texnologik jarayonlar va sifat nazorati jarayonlari ustida bosh qotirish iqtisodiy jihatdan ma’noga ega emas, shu sababli bunday sigaretalar har baloga ega bo‘lishi mumkin – qandaydir tayinliroq hid berishi uchun past sifatli xomashyoni xushbo‘ylagichlarga to‘yintirish yetarlidir.

O‘zbekistonga yo‘l

Bu mahsulot bizning bozorimizga qanday kirib keladi? Buning yo‘llari bir nechta bo‘lishi mumkin: tovarni chegaragacha konteynerlarda yetkazishadi, keyin kichik partiyalarga taqsimlashadi va chegarani “yashil yo‘lak” orqali, ya’ni chegara va bojxona nazoratining jihozlangan punktlarini chetlab bosib o‘tadilar. Bundan tashuvchilar mustaqil foydalanishlari ham, jonivorlar, uchuvchisiz parvoz apparatlarini qo‘llashlari ham mumkin. Bitta muammo – katta miqdorda olib o‘tish qiyin: sigaretalar yengil bo‘lsa ham, anchayin katta hajmli mol. Boshqa usul korrupsiya aralashuvini taqozo qiladi. Tovar mamlakatga boshqa hamroh hujjatlar bilan, masalan, yog‘och materiallari sifatida kirishi mumkin. Anchayin ilgarilangan sxema – uzilgan tranzit, bunda tovarni mamlakatga tranzit rejimida, ya’ni bojxona hududidan olib chiqib ketish majburiyati bilan olib kiradilar. Bunda tovarga hamroh hujjatlarga tegishli belgi qo‘yilishi kerak bo‘ladi. Belgi-ku, qo‘yiladi, lekin yuk mamlakat hududini tark etmaydi.

Distributsiya

Kontrabanda sigaretalar oddiy iste’molchiga yetib borishi uchun ularni mamlakat hududi bo‘ylab tarqatish, qayerdadir saqlash, savdo nuqtalariga mayda partiyalar bilan yetkazish kerak bo‘ladi. Bir tomondan, bu chegarani noqonuniy kesib o‘tishdek qiyin emas, ammo muayyan tashkiliy sa’y-harakatlarni talab qiladi. Tovar to‘planadi, mayda partiyalarga taqsimlanadi, telefon yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali buyurtmalar qabul qilinadi, shuningdek savdo vakillari analoglari ham mavjud – Damas noqonuniy assortiment bilan to‘ldiriladi va savdo nuqtalariga tarqatib chiqiladi. Chakana savdo, o‘z navbatida, bunday tovarni hisobga olmaydi va xuddi shunday noqonuniy sotadi.

Natija mehnatga arziydimi?

Javobgarlikdan qochib qutulib bo‘lmaslik inobatga olinsa, xatarlar har bir bosqichda juda yuqori, lekin foyda ham yaxshigina. Masalan: O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarishga mansub qonuniy sigareta qutisi 12 000 so‘mdan boshlanadi. Buning 6 000 so‘mi – aksiz va QQS. Qolgan 6 000 – bu xomashyo tannarxi, materiallar, ishchi kuchi, jihozlar amortizatsiyasi, ishlab chiqaruvchi va yetkazib berish zanjirining foydasidir. Buning ko‘pchilik qismi ham noqonuniy ishlab chiqaruvchilar cho‘ntagida qoladi, ular na foyda solig‘i, na ijtimoiy sug‘urta fondlariga badal to‘laydilar, arzon xomashyodan foydalanadilar, texnologik jarayonlarni nazoratga olmaydilar. Ya’ni qo‘rqmay taxmin qilish mumkinki, narx 10 000 so‘m bo‘lganda, noqonuniy ishlab chiqaruvchining daromadi kamida 6000 so‘m bo‘ladi. Katta qutida 500 dona quti bo‘ladi, bu 3 mln so‘m foyda degani. Bitta furada 1200 ta atrofida quti bo‘lsa, demak, 3,6 mlrd so‘m. Ya’ni har bir konteynerdan kamida 300 ming dollar. O‘zbekistonda esa yiliga 100 dan ziyod shunday konteynerlar “singib” ketadi.

Ko‘proq yangiliklar: