“Oltinga ozgina yetmay qoldi...” – Mendeleyev olimpiadasida kumush medal olgan kimyogar qiz

Jamiyat 10:23 / 29.05.2022 14818

Maftuna – “Mikrofon – qizlarda” ruknining navbatdagi mehmoni.

Maftuna Badalova – Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchisi, u yaqinda O‘zbekistonda o‘tkazilgan 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Avval umumta’lim maktabida o‘qigan, so‘ng ixtisoslashtirilgan maktabga imtihon asosida qabul qilingan Maftuna kimyoga kichik yoshidan qiziqqan.

U bolaligida tabiatda sodir bo‘layotgan hodisalarni kuzatib, daraxtlar bargi nega yashilligi, osmon nega ko‘kligi haqidagi savollarga javob topishga qiziqqan va aniq fanlarni yaxshi ko‘rib o‘qiy boshlagan.

“Ijtimoiy fanlar menga emasligini bilganman...”

Oilada 3 farzandmiz. Yaqinlarim meni doim qo‘llab-quvvatlagan. Kichkinaligimdan opamning doim dars qilishini ko‘rardim, uning bo‘sh vaqti bo‘lmasdi. Bu menga ta’sir qilgan deb o‘ylayman. Opam kabi men ham vaqtimni bekor o‘tkazmaslikka harakat qila boshlaganman.

Televizor ko‘rsam ham, asosan, hujjatli filmlar ko‘rardim. Bu filmlarni oila davrasida muhokama ham qilardik.

Ijtimoiy fanlar men uchun emasligini sezardim. Sababi bolaligimdan kirishuvchan emasman, odamlar bilan tez til topishib keta olmayman.

Boshida matematika fanini yaxshi o‘qiganman. 5-6-sinflardan boshlab kimyo, biologiya fanlari qo‘shildi. Matematikam yaxshi bo‘lgani uchun kimyo menga yaqin tuyulgan.

Foto: Kun.uz

Maktab darslari qoniqtirmagan, “self-study” qilganman

Maktab darslaridan unchalik ko‘nglim to‘lmasdi, o‘zim mustaqil o‘rganishga, uy sharoitida o‘tkazib ko‘rish mumkin bo‘lgan tajribalarni bajarib ko‘rishga harakat qilardim. Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘tgach, kuchli o‘qituvchilardan dars ola boshladim. Bu yerdagi muhit ham meni ko‘proq o‘qishga undadi.

Maktabimizda kimyo, biologiya chuqurlashtirib o‘qitiladi. Boshida kimyoni yaxshi ko‘rsam ham qiynalardim. Bunaqa paytda ustozlarning ham qo‘llab-quvvatlovi muhim, menimcha.

“Oltinga ozgina yetmay qoldi...”

Mendeleyev olimpiadasida 16 ta davlatdan 100 ga yaqin o‘quvchilar qatnashdi. Olimpiada 3 ta turda o‘tkazildi. Olimpiada menga katta sinov bo‘ldi, xatolarimni anglab oldim. Menga oltin medalga ozgina ball yetmay qoldi. Shunisi alamli bo‘ldi.

Hozir 54-xalqaro kimyo olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Belgilangan kun tartibi bo‘yicha, kuniga 12 soatgacha, dam olishlarsiz dars qilyapmiz. Olimpiada yozda bo‘lib o‘tadi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Kelajak tanlovi

IELTS ballim – 7. Hamma mutaxassislikka ham chet tili kerak. Chunki xalqaro tillarda istalgancha foydali ilmiy maqolalar topish va ulardan o‘rganish mumkin.

Kelajakda nano va ilg‘or texnologiyalar yo‘nalishidan ketishni xohlayman. Hozirgacha bir qancha xorij universitetlariga hujjat topshirdim va topshiryapman. Chet elda o‘qishimga uydagilarim qarshi emas, ular meni qo‘llab-quvvatlashadi.

Nano va ilg‘or texnologiyalar yo‘nalishi hali yangi, lekin bu yo‘nalish tibbiyot, sanoatda yangi ufqlarni belgilab bermoqda. Men xorij tajribasini o‘rganib kelib, O‘zbekistonga tatbiq etishga harakat qilmoqchiman.

“Ilm-fan hammaga qiziq bo‘lishi kerak”

Ilm-fan hammaga qiziq bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Kimyo, biologiya fanlari qiyin, bu – men uchun emas, deb hisoblaydiganlar ko‘p. Lekin bu kabi o‘ylovlarini yo‘qotish kerak. Kimyo, biologiya zerikarli emas, qiziqarli fan.

Olimlar gulning faqat tashqi chiroyidan tashqari hatto hujayralar darajasidagi chiroyini ham ko‘ra oladi. Sababi olim bu hujayralarda qanday jarayonlar sodir bo‘lishini biladi.

Bolaligimda kattalar ba’zi savollarimga javob bera olmay qolishardi. Nimaga osmon ko‘kligi, nega barglar yashilligini so‘rardim. Va o‘shanda hamma savollarga javob topishni aniq maqsad qilib qo‘ygandim.

Shuning uchun kelajakda kimyo bo‘yicha ilm qilishdan tashqari Sience communication – ilmiy kommunikatsiya yo‘nalishida ham kitoblar yozib, yoshlarning aniq fanlarga qiziqishi uchun harakat qilmoqchiman.

Foto: Kun.uz

Kimyogarlarga eng yaxshi jihozlar kerak

Kimyo har bir jarayonda kerak. Ishlab chiqarishdan tortib inson organizmida ham turli kimyoviy jarayonlar kechadi. Hatto ijtimoiy sohalarda ham kimyoning hissasi bor. Masalan, diplomat ham, siyosatchi ham ruchka ishlatadi. Ruchka ishlab chiqarishda ham kimyo ishtirok etadi.

Shuning uchun ham kimyoni yaxshiroq o‘rganish rivojlanishga yordam beradi.

Kimyoni o‘rganishda jihozlarning ahamiyati katta. Chet elda foydalaniladigan jihozlar bizda foydalaniladiganlariga qaraganda ancha zamonaviy. O‘zbekistonga ham shunday uskunalarni olib kelib olimlarni ta’minlash kelajak uchun katta sarmoya bo‘ladi, deb o‘ylayman

Nega kimyo sohasida qizlar kam?

Juda ko‘plab sohalarda qizlar kam. Buni tan olish kerak. Menimcha, bunga stereotiplar sabab. Bizning jamiyatda “Ilm sohasi qizlarga emas, qiz bola bu ishni davom ettira olmaydi. Olim bo‘lish qiz bolaga emas”, deyishadi. Albatta, bu achinarli. Ilmda o‘g‘il bola, qiz bola, degan narsa yo‘q.

Qizlarga maslahatim: agar ilmga qiziqsangiz, “Bu soha sen uchun emas, qo‘lingdan kelmaydi”, degan gaplarni tinglamang. O‘zingizga ishonib harakat qiling.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: