100 nafar yosh olim «Mirzo Ulug‘bek vorislari» Respublika tanlovi g‘olibiga aylandi

O‘zbekiston 14:09 / 22.05.2022 9142

Joriy yilning 19-21 may kunlari Toshkentdagi INNO texnoparkda «Mirzo Ulug‘bek vorislari» ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Avvaliga qariyb 24 ming o‘g‘il-qiz ro‘yxatdan o‘tgan musobaqaning dastlabki ikki bosqichida loyihalar saralanib, finalga 280 nafar ishtirokchi yetib keldi.

Maktab o‘quvchilari va talabalardan iborat intiluvchan yoshlarning ixtirolari, g‘oya va ishlanmalari hay’at a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayrim loyihalarning allaqachon monetizatsiya qilinayotgani yuqori baholandi. Loyihalarning aksariyati chekka hududlarda mavjud muammolar, jumladan, ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi kabi masalalarga yechim sifatida ilgari surilgani e’tiborga molik jihatlardan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, IT-yo‘nalishidagi startaplar soni ham salmoqli bo‘ldi: robo-kuler, sun’iy protez qo‘l, aqlli seyf, sun’iy intellektli dasturiy ta’minotlar shular jumlasidandir.

Tanlovda imkoniyati cheklangan ishtirokchilarga ham birdek shart-sharoit, teng imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etish joiz. Ular ham o‘z tengdoshlari kabi bir qator dolzarb muammolarni o‘rtaga tashlab, ularning yechimi sifatida o‘z ishlanmalarini taqdimot qilishdi. Jumladan, jizzaxlik yosh dasturchi Shohrux Mamadaliyev maktab o‘quvchisi va jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, onlayn bepul ta’lim berishga mo‘ljallangan sayt yaratib, uni hay’at a’zolariga tanishtirdi.

3 kun davom etgan qizg‘in intellektual bellashuvda raqobat muhiti va do‘stona munosabat sezilib turdi. Mazkur tanlov yosh olimlarning o‘zaro muloqotga kirishib, tajriba almashishlariga xizmat qildi, deyish mumkin.

Bir-biridan qolishmaydigan prototip loyihalar, startaplar ular orasidan eng yaxshilarini saralab olishda komissiya a’zolariga biroz qiyinchilik ham tug‘dirdi. Yakunda eng munosib 100 nafar yosh olim ko‘rik tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ularning har biri BHMning 20 baravari (5 400 000 so‘m) miqdoridagi pul mukofotlari bilan moddiy rag‘batlantirildi. G‘oliblar, shuningdek, «Ulug‘bek» jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, yana 11 nafar qatnashchi “Ijtimoiy tarmoqlarda eng faol ishtirokchi”, “Eng yaxshi prototip muallifi”, “Eng dolzarb muammoga yechim”, “Hududiy bosqichlardagi eng tirishqoq ishtirokchi” kabi bir qator nominatsiyalarga munosib ko‘rildi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: