Xorijdan qaytgan migrantlarni ishga qabul qilganlarga 6 oy davomida subsidiya beriladi

O‘zbekiston 08:25 / 20.05.2022 3719

Prezidentning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdori 1,5 baravari miqdorida subsidiya beriladi.

Bunda, xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilgan tashkilotga subsidiya berishda Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda zaxiraga qaytarilgan jami 20 ming gektar yer maydonlarini sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekanlar, kartoshka yetishtirish va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga 0,20 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berilishi ta’minlanadi.

Bunda, “Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamentidagi baholash mezonida oxirgi 6 oy davomida xorijdan qaytgan mehnat migrantlari ro‘yxatida bo‘lgan talabgorlarni reyting ballarida inobatga olinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2022 yilda kamida 50 ming nafar xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilishini ta’minlaydi. Bunda qaytib kelgan mehnat migrantlari:

  • ishlab chiqarish va uy-joy qurilishi obektlarini, avtomobil yo‘llarini, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga;
  • sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi korxonalarga, jumladan tadbirkorlik sub’yektlariga;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni saqlash va qayta ishlash, hosilni yig‘ib-terib olish ishlariga jalb etiladi.

Yuqoridagi maqsadlardagi ishlarga respublika budjetidan Jamoat ishlari jamg‘armasining 2022 yildagi xarajatlari uchun qo‘shimcha 480 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: