Toshkent viloyatida yer maydonlarini sotgan shaxs va uning sheriklari bo‘lgan kadastr xodimlari aniqlandi

O‘zbekiston 07:35 / 20.05.2022 3869

Piskent tumanida yer maydonlarini sotgan firibgar va uning sheriklari bo‘lgan kadastr bo‘limi xodimlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Piskent tuman bo‘limi tomonidan “A.G.” uzumchilik va bog‘dorchilik shirkatining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro T.T., Davlat kadastrlari palatasining Olmaliq shahar filiali mutaxassisi A.N. va Piskent tumani filiali kadastr muhandisi B.Sh.lar o‘zaro til biriktirib, Piskent tumani hokimining 2020-2021 yildagi qaroriga ilova qilingan ro‘yxatni soxtalashtirib, “A.G.”  shirkatiga qarashli yer maydonlarini fuqarolarga 6-8 sotixdan 2 000 dan 15 000 AQSh dollarigacha sotishib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yana 1-2 mln so‘mdan pul olishib, 14 nafar fuqaroning jami 562,4 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
 
Tekshiruv davomida, A.N. va B.Sh. tomonidan o‘z aybiga iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni qoplash uchun taqdim qilgan 13,1 mln so‘mi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.          

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan oldin Kadastr agentligi 2 200 gektardan ortiq yer o‘zboshimchalik bilan egallab olinganini aniqlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: