Shimoliy Koreyada 2 millionga yaqin bezgak holati qayd etildi 

Jahon 09:04 / 20.05.2022 6059

KXDR OAVlari 19 may, payshanba kuni Shimoliy Koreyada koronavirusning birinchi holati tasdiqlanganidan bir hafta o‘tib «bezgak belgilari» bilan deyarli ikki million bemor ro‘yxatga olinganini xabar qildi

Bir kun avval Shimoliy Koreyada yana 262 ming kishida «bezgak alomatlari» aniqlangan. Natijada, kasallanganlarning umumiy soni 1,98 millionga yetdi, ularning deyarli 1,4 millioni tuzalib ketgan.

O‘lganlar soni 63 nafarga yetdi. KXDRda deyarli 26 million kishi istiqomat qiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya bemorlarning koronavirus bilan kasallanganini rasman tasdiqlamaydi, chunki mamlakatda SARS-CoV-2 uchun test tizimi deyarli yo‘q. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya haligacha aholini koronavirusga qarshi keng ko‘lamli emlashni amalga oshirmagan. Pxenyan hukumati JSST kanallari orqali mamlakatga koronavirusga qarshi vaksinalarni yetkazib berish taklifidan bosh tortgan. 

Bundan roppa-rosa bir hafta oldin Shimoliy Koreya mamlakatda birinchi koronavirus holatini rasman tasdiqlagan edi. O‘shandan beri Pxenyan hukumati epidemiyani keng miqyosda lokdaun va koronavirus omikron variantining xavfi haqida ma’lumot kampaniyasi bilan to‘xtatishga harakat qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: