O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston 07:45 / 20.05.2022 7241

Moliya vazirligi 2022–2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasini muhokamaga qo‘yildi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida quyidagi asosiy islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

1. Ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish:

a) Fuqarolarni kasallik, homiladorlik, baxtsiz hodisa, ish o‘rinlarining qisqarishi va shu kabi boshqa holatlarda daromadsiz qolishdan kafolatlash maqsadida ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi.

b) ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi ularning sug‘urta staji va ish haqi miqdoridan kelib chiqib, ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan to‘lanadi.

2. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam samaradorligini oshirish:

a) ijtimoiy yordamdan oilani kambag‘allik holatidan chiqarishga qaratilgan vosita sifatida foydalanish maqsadida davlat tomonidan berilayotgan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalarini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali taqdim etish tizimini yo‘lga qo‘yiladi. Ijtimoiy shartnoma tizimida davlat tomonidan ijtimoiy yordam olayotgan fuqaro ma’lum bir ijtimoiy majburiyatni zimmasiga oladi;

b) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlarning yagona ma’lumotlar bazasiga aylantirish.

Bunda, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalaridan yo‘naltirilayotgan mablag‘larning shaffofligi va samaradorligini oshirish maqsadida uchta jamg‘arma negizida “Oila, ayollar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil etilib, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

3. Ijtimoiy xizmatlarni mustahkamlash:

a) aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashda mahalla darajasida ishlarni olib borish mexanizmini yo‘lga qo‘yish, ya’ni oilaning umumiy holatidan kelib chiqib, uni hayotiy qiyin vaziyatdan chiqarish bo‘yicha kompleks yondashuv asosida ijtimoiy yordam va xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;

b) davlat tomonidan taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar (sanatoriyga yo‘llanma berish, protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash va boshqalar) ro‘yxati belgilanadi. Shu bilan birga, fuqarolarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, har bir ijtimoiy xizmatning hajmi, davriyligi va kim tomonidan amalga oshirish standartlari ishlab chiqiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga asosan, budjet mablag‘lari hisobidan 2022 yilda 170 mlrd so‘m miqdoridagi qo‘shimcha xarajat talab etiladi. Islohotlarni amalga oshirish jarayonida qo‘shimcha hisob-kitoblar amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: