Gaz va elektr kompensatsiyasi uchun ariza qabul qilish boshlandi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kambag‘al oilalar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga, mahalladagi ijtimoiy xodimga yoki 1140 telefon raqamiga murojaat qilib, ariza qoldirishi mumkin. Ularga bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun oyiga 30 ming so‘mgacha, tabiiy gaz uchun 120 ming so‘mgacha (isitish mavsumida 200 ming so‘mgacha) kompensatsiya to‘lanadi.

2025 yil 1 maydan O‘zbekiston bo‘ylab ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensatsiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Endi kompensatsiya faqat qish mavsumida emas, har oyda to‘lab beriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, ehtiyojmand oilalar uchun 1 iyundan boshlab ariza topshirish jarayoni boshlandi.
Arizalar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, mahalladagi ijtimoiy xodim va 1140 telefon raqami orqali qabul qilinadi.
Kompensatsiyalar quyidagi toifalarga to‘lanadi:
- Ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchilar;
- Kambag‘al oilalar reyestiriga kiritilgan oilalar (oila a’zolariga to‘g‘ri keladigan oylik daromad 669 ming so‘mdan kam bo‘lishi lozim);
- bu ikkala kiritilmagan, lekin mol-mulki kam va oylik daromadi jon boshiga 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar.
Kompensatsiya 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar to‘lanadi, bunda:
- elektr energiyasi bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kWh gacha;
- tabiiy gaz bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq qoplab beriladi.
Yuqoridagilarga va joriy tariflarga asosan, kompensatsiya miqdori:
- elektr energiyasi bo‘yicha – oyiga 30 ming so‘mdan oshmaydi;
- tabiiy gaz bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga 200 ming so‘mdan, qolgan davrda oyiga 120 ming so‘mdan oshmaydi.
Boshqacha aytganda, bu kompensatsiya hisobiga ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun bazaviy me’yor:
- elektr energiyasi bo‘yicha – 200 kWh emas, de-fakto 350 kWh;
- tabiiy gaz bo‘yicha – isitish mavsumida 500 kub metr emas, de-fakto 750 kub metr, qolgan davrda 100 kub metr emas, de-fakto 250 kub metrni tashkil etadi.
Mavzuga oid

19:45 / 20.06.2025
O‘zbekiston Rossiya bilan katta AES masalasida bitim imzoladi

18:46 / 17.06.2025
Rossiya Tojikistonning elektr energiyasidan 297 million dollar qarzini kechadi

14:11 / 14.06.2025
YeIdagi STG terminallariga rossiyalik mijozlarga xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi

16:12 / 12.06.2025