“Energetika muammolarining yechimi xususiylashtirishga borib taqaladi” - Shahzod Yo‘ldoshboyev

O‘zbekiston 14:32 / 17.05.2022 21173

Iqtisodiyot bo‘yicha kolumnist, AQShning Jorjtaun universiteti Xalqaro iqtisodiyot fakulteti talabasi Shahzod Yo‘ldoshboyev Kun.uz'ga bergan intervyusida isloh qilinishi belgilangan O‘zbekiston energetika tizimi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Subsidiyalar bozor muvozanatini buzadi”

— Subsidiya – davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘, uning asosiy vazifasi bozordagi erkin narxni sun’iy ravishda tushirib berish. Siyosatchilar nazdida bu aholiga yordam berish maqsadida amalga oshiriladi, shunda odamlar arzonlashtirilgan narxda qaysidir mahsulotni sotib olishga musharraf bo‘ladi.

Aksariyat iqtisodchilarning fikricha, subsidiyalarning eng katta zarari – bozordagi muvozanatni buzishi. Undan tashqari, iqtisodiy rivojlanishga tahdid soladi va ijtimoiy tengsizlikni chuqurlashtirib boradigan dastur sifatida ko‘riladi.

Hozir O‘zbekistonda  xonadonlar uchun 1 kv.soat elektr toki narxi 295 so‘m, bu taxminan 2,6 sentga to‘g‘ri keladi. Dunyo miqyosida bu narx 7 barobar qimmatroq. O‘rtadagi tafovutning oldini olish uchun yalpi ichki mahsulotimizning 6,6 foizini subsidiya uchun ishlatamiz. Solishtirish uchun, ta’limga YaIMning 5,1 foizi, sog‘liqni saqlashga esa 5,3 foizi to‘g‘ri keladi.

Iqtisodiyotdagi eng zararli so‘zlar – “imtiyoz”, “subsidiya” va “preferensiya”. O‘zbekiston iqtisodiyotida esa bu so‘zlar ko‘p ishlatiladi.

Subsidiya barcha uchun baravar bo‘lsa...

— Masalan, ikkita qo‘shni bor. Bittasi o‘rtacha holatda yashaydi. Uyi nisbatan kichkina, mashinasi yo‘q, bitta muzlatkich va televizor ishlatadi. Ikkinchisi boy, uch qavat uyda yashaydi. 4ta televizori va ikkita mashinasi bor. Ularning iqtisodiy holati teng emas. Lekin nominal jihatdan qaraganda, davlat tomonidan boy oilaga ko‘proq yordam ko‘rsatiladi.

Xususan, ikkinchi xonadon elektr tokini 3 barobar ko‘p ishlatadi va qo‘shnisiga qaraganda shuncha ko‘proq miqdorda subsidiyadan foydalanmoqda.

Jahon tajribasida esa pog‘onali hisoblash tizimi amal qiladi. Bizda ham Yunusobod tumanida shunaqa tajriba o‘tkazilgan. Bunda iste’moli 300 kv.soatdan oshgan uy xo‘jaliklari har bir kv.soat uchun ko‘proq pul to‘lagan. Bu albatta iqtisodiy manfaati bor dastur hisoblanadi. Bu tajribaning ijobiy va salbiy jihatlarini yana bir bor tahlil qilib, ko‘proq hududlarda amaliyotga qo‘llash foydali bo‘lardi.

“Tizim eskirgan, yechim xususiylashtirishga borib taqaladi”

— O‘zbekistonda infratuzilmaning samaradorligi ancha past. Ishlab chiqariladigan elektr energiyasining turli hisob-kitoblarga ko‘ra 20 foizi yetkazib berish paytida yo‘qolib ketadi. Ya’ni 100 kv.soat ishlab chiqarilsa, yakuniy iste’molchiga 80 kv.soat yetib boradi. Buning asosiy sababi – infratuzilmaning eskirgani.

Sobiq ittifoq davrida qurilgan inshootlardan haligacha foydalanamiz. Tizimni yaxshilashning yo‘llari ko‘p, lekin bularning barchasi xususiylashtirishga borib taqaladi. Davlatning rag‘batlari boshqacha. Ular xarajatlarni kamaytirish nuqtayi nazaridan emas, ko‘p narsalarga ijtimoiy nazar bilan qarashadi. Bu albatta, samaradorlikni tushiradi.

Chili misolida tushuntirishga harakat qilaman. Ushbu mamlakatda o‘tgan asrning 80-yillarida xususiylashtirish bo‘yicha islohotlar boshlangan. O‘sha paytda Chilining aholi boshiga YaIM hozirgi O‘zbekistondagi ko‘rsatkichlarga juda yaqin bo‘lgan. Davlat energetika korxonasi 8 qismga bo‘linib, kimoshdi savdosi orqali investorlarga tarqatilgan. Raqobat yuzaga kelishi natijasida esa bir necha yildan keyin narxlar tushgan. Jumladan, 1992-2002-yillar oralig‘ida Chilidagi elektr energiya narxlari 30 foizga arzonlashgan. Bu tajriba shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston sharoitida ham shu kabi yo‘llardan foydalanish mumkin.

O‘ziga to‘q aholiga subsidiya to‘lash to‘xtatilishining qanday ijobiy tomonlari bor?

— Tepada yalpi ichki mahsulotimizning 6,6 foizi subsidiyaga ajratilganini aytib o‘tdik. Bu 2020 yilda pandemiya sabab energiya resurslar narxlari arzonlashgandagi holat. Aslida ancha ko‘p miqdorda subsidiya ajratiladi. Aholi boshiga hisoblasak, O‘zbekistonda kishi boshiga 114 dollarda subsidiya ajratilgan. Shu mablag‘larni iqtisodiy mantig‘i bor boshqa sohalarga, masalan ta’limga ajratilayotgan mablag‘larni 10 foizgacha ko‘tarishimiz mumkin. Chunki aynan ta’lim tizimi inson kapitalini oshiradigan eng asosiy poydevorlardan biri hisoblanadi. Shu yo‘ldan ketsak, istiqbolda O‘zbekiston iqtisodiyoti va o‘zbekistonliklarga ko‘proq foyda bo‘ladi.

Hozirgi kunda soliqlarni yig‘volib, ularni tarqatishimiz ham ijtimoiy tengsizlikka olib kelmoqda. Subsidiyalardan esa asosan boylar manfaat ko‘rmoqda. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Misrda eng qashshoq 40 foiz aholi subsidiyalarning atigi 3 foizidan foydalangan, qolgan 97 foizi boy qatlam manfaatlari uchun xizmat qilgan.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi –
Abdusalim Abduvohidov

Ko‘proq yangiliklar: