«Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

O‘zbekiston 07:43 / 03.03.2022 1967

Vazirlar Mahkamasining “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat bilan “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Quyidagilar: “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom; “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari tasdiqlanadi.

Markaziy bank “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasiga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi buyurtmasiga asosan “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlash tavsiya etiladi.

“Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi inobatga olinadi.

Ko‘krak nishoni bilan atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishda alohida tashabbus ko‘rsatgan (daraxt ekish, uni parvarishlash va muhofaza qilish, bunda hududlar iqlimiga mos noyob daraxt va butalarning yangi navlarini yaratish, mahalliylashtirish, yetishtirish, og‘ir iqlim sharoitlarida, cho‘llar va dashtlarda yashil hududlarni barpo etish) va samarali natijalarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi.

Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, mahalliy hokimiyat organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa manfaatdor shaxslar har yili 1 aprelga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni Davlat ekologiya qo‘mitasiga taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: