Andijonda 12 ta daraxt noqonuniy kesib tashlangani bo‘yicha hujjatlar prokuraturaga taqdim etildi

Jamiyat 19:10 / 17.01.2022 5031

Viloyat Perinatal markazi hududida yangi barpo etilayotgan obekt oldidagi 12 tup eldor qarag‘ayi daraxti amaldagi moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan bir paytda noqonuniy ravishda kesilgan. Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berishicha, qo‘mita ishchi guruhi yuz bergan holatni o‘rganib, holatga guvoh bo‘lgan shaxslar va bevosita huquqbuzarlikka aloqador mas’ul xodimlardan tushuntirish xatlari olingan. 

Qo‘shimcha ravishda mutaxassislar tomonidan shu atrofda o‘sib turgan 145 tup daraxt to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, alohida muhofazaga olingan va har bir daraxtga yorliq biriktirilgan.

Sodir etilgan holat bo‘yicha ekologiya inspektorlari tomonidan to‘plangan barcha hujjatlar Andijon viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi 12 tup ninabargli sosna daraxtlari 16 yanvarga o‘tar kechasi kesib tashlangandi. Markaz xodimlaridan biri Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni kesish viloyat hokimining topshirig‘i ekanini aytgan edi.

Hokimlik axborot xizmati esa dastlab shifoxona hovlisidagi daraxtlar kesilmaganini ma’lum qildi, keyinroq rasmiy munosabat tahrirlanib, daraxtlar o‘z joyida turgani aytilgan qismi o‘chirildi.

Ko‘proq yangiliklar: