Polsha pasporti bo‘lmagan ukrainaliklarni deportatsiya qilmaslikka va’da berdi

Jahon 10:19 / 27.04.2024 1844

Polsha pasporti muddati o‘tgan Ukraina fuqarolarini deportatsiya qilmaydi, dedi Polsha Ichki ishlar vazirligi rahbari Marsin Kirvinskiy 26 aprel, juma kuni TVN24 telekanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, muddati o‘tgan hujjatlari bo‘lganlar boshqa barcha ukrainalik qochqinlar kabi vaqtinchalik himoyaga olinadi. 

«Biz bu muammoni hal qilish yo‘lini topamiz, ukrainaliklarni tashvishga soladigan barcha narsalar qonunlarda belgilab qo‘yilgan, bu hozircha faqat 30 iyungacha amal qiladi», - dedi Kervinskiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, Polsha ukrainaliklarning huquqlarini himoya qiladi va ular shaxsiy ma’lumotlarini hech kimga, jumladan, Ukrainaga ham taqdim etmaydi. 

Chaqiruv yoshidagi ukrainaliklar uchun konsullik xizmatlarini cheklash 

23 apreldan boshlab Ukraina Tashqi ishlar vazirligi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkak fuqarolar uchun xorijiy konsulliklarda hujjatlarni rasmiylashtirishni to‘xtatdi. Shuningdek, chaqiruv yoshidagi ukrainaliklarga chet el pasportlari berilmasligi ma’lum qilindi. Bu safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonun va Kiyevning armiya sonini oshirish istagi bilan bog‘liq. 

O‘z navbatida, Varshava hukumati Ukrainaga Rossiyaning keng miqyosli hujumi boshlanganidan keyin Polshaga kelgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarini qaytarishda yordam berishga tayyor. Bu haqda 24 aprel kuni Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish aytib o‘tdi. 

Agar Kiyev pasport muddati tugaganidan keyin Polshada qolish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin bo‘lganlarni vataniga qaytarishga yordam berishni so‘rasa, Polsha rasmiylari qanday munosabatda bo‘ladi, degan savolga u: «Har qanday yordam berish ehtimoli bor», deb javob berdi. 

YeIdagi ukrainalik erkaklar 
 
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi 24 aprel kuni chaqiruv yoshidagi erkaklarga konsullik xizmatlari ko‘rsatish to‘xtatilganini e’lon qilganidan so‘ng, Kiyev qaroridan g‘azablangan yuzlab ukrainaliklar Varshavada yopiq pasport idorasi oldiga to‘plandi. 

Germaniya hukumati ukrainaliklar hujjatlari muddati tugagandan keyin ham mamlakatda qolishi mumkinligini bildirdi. Ukrainalik qochqinlarga Germaniyada vaqtinchalik yashash ruxsatnomalarini berish yoki uzaytirish uchun ularda amal qilayotgan pasport bo‘lishi shart emas, dedi Germaniyaning 16 federal yerlaridan biri maqomiga ega bo‘lgan Berlin Senati, ya’ni Berlin hukumati vakili DW so‘roviga javoban. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiysi, nemis rasmiylari istalgan yo‘l bilan kishining shaxsini aniqlash imkoniyatiga ega.

Bryussel hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil boshida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 4,3 millionga yaqin Ukraina fuqarolari bo‘lgan, ulardan 860 mingga yaqini - erkaklar. 

 

Ko‘proq yangiliklar: