Yevropaning so‘nggi diktatori: Lukashenkoning hokimiyatga kelishi va ketmasligi tarixi

Jahon 12:30 / 16.01.2022 51641

Chizgilar:

* SSSR parchalanishini «Yigirmanchi asrning geosiyosiy falokati» deb atagan;

* 1975-1977 yillarda KGB chegara qo‘shinlarida xizmat qilgan;

* Uning belaruscha ism-sharifi Alyaksandr Rygoravіch Lukashenka;

* 1987 yilda «Gorodets» sovxozi direktori etib tayinlanadi va birinchilardan bo‘lib ijara pudratini yo‘lga qo‘yadi;

* Otasi to‘g‘risida biror ma’lumot yo‘q, onasi uni yolg‘iz o‘stirgan. Bobosining kelib chiqishi ukrain ekanligi to‘g‘risida gaplar tarqalgan va keyinchalik rad etilgan;

* Viktor, Dmitriy, Nikolay ismli o‘g‘illari bor. Katta o‘g‘li Viktor prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi hisoblanadi. Kichik o‘g‘li Nikolay esa mudom otasining yonida, u namoyishlar paytida ham otasi yonida avtomat ko‘tarib yurgandi;

* Yevrosiyo bo‘yicha eng uzoq «taxtda turgan» davlat rahbari. U 27 yildan ortiq vaqtdan buyon mamlakatni boshqarib kelmoqda;

* Maktabda tarbiyasi og‘ir bolalar safida turgan va militsiya ro‘yxatiga olingan;

* 1991 yilning 25 mayida «Narodnaya gazeta»da «Diktatura: belaruscha variant?» nomli maqola chiqargan;

* Ilk bor prezidentlikka nomzod bo‘lgan paytlari «Yetmish yoshlilar davri yakunlanmoqda! Davlat tepasiga yoshlar kelishi lozim» degan chaqiriqlar bilan chiqqan. Keyinchalik hokimiyat tepasiga kelganidan keyin konstitutsion muddat yakuniga ko‘ra lavozimidan ketishini ta’kidlagan;

* Prezidentlikdan tashqari Belarus oliy bosh qo‘mondoni, Xavfsizlik kengashi, Rossiya-Belarus ittifoqi, mamlakat olimpiya qo‘mitasi raisi;

SSSR qo‘riqxonasi

Aleksandr Lukashenkoning sovxozda direktorlik qilganini ko‘pchilik biladi. Uning gap-so‘zlari ham jaydari dehqonlarga o‘xshaydi. U ko‘p tanqid qilinsa-da, chindan ham xo‘jalik ishlariga juda usta, dalalarni, fermalarni aylanishni xush ko‘radi, ishlab chiqarish, sanoatda ko‘p bo‘ladi. Adolat yuzasidan aytish mumkinki, Belarus bu sohalarda possovet hududida ancha ilg‘or va o‘ziga xos rejali iqtisod modelini saqlab qola olgan. Bu mamlakatni bejiz SSSR muzeyi yoki o‘ziga xos qo‘riqxonasi deb atashmaydi.

Shu bilan birga, Lukashenkoning tashqi va ichki siyosati muntazam va keskin tanqidlar nishonida. Eng qizig‘i – hamma uzoqdan turib Yevropaga intilsa, uning ko‘hna qit’a ostonasida yashab sharq, aniqrog‘i Rossiya tomon intilishi mutoyibalarga sabab bo‘lgan.

Otasiz o‘tgan yoshlik

1954 yilning 30 avgustida Vitebsk oblastining Kopis shaharchasida dunyoga kelgan Aleksandrning otasi kim ekanligi biror joyda qayd etilmagan. Uning onasi Yekaterina Lukashenko urushdan keyin shahardagi kombinatda ishlaydi, o‘g‘li tug‘ilganidan keyin qishloqqa qaytadi va fermada sut sog‘uvchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Maktabni o‘qituvchilardan muntazam dakki eshitib bitirgan Sasha 1975 yilda Mogilyov pedagogika institutini tarix yo‘nalishida tamomlaydi. 1985 yilda esa u Belarus qishloq xo‘jalik akademiyasini sirtdan tamomlab, ikkinchi diplomiga ega bo‘ladi. Harbiy xizmatda u siyosiy bo‘lim instruktori, tank rotasi komandirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarini o‘taydi. Shuningdek, u komsomolning faol a’zosi bo‘lib, butunittifoq «Bilim» jamiyatida ham faoliyat yuritadi.

Siyosiy qadamlar

1989 yilda Mogilyov saylov okrugidan SSSR xalq deputatlaridan nomzod sifatida ko‘rsatiladi. Ammo Vyacheslav Kebichga 5 foiz farq bilan yutqazadi. Qayta qurish davrida, 1990 yilda Belarus xalq deputati va Oliy sovet muvaqqat kengashi a’zosiga aylanadi. SSSR tarqalganidan keyin ministrlar soveti raisi Vyacheslav Kebich va Oliy sovet raisi Stanislav Shushkevichni ayovsiz tanqid qilishi bilan tilga tushadi. 1991 yilda «Diktatura: belaruscha variant?» nomli maqola yozib chop ettiradi va unda hukumatni avtoritarizm hamda diktaturada ayblaydi. Mamlakatni demokratik boshqaruv bo‘yicha o‘z qarashlarini ifoda etadi.

«Men kommunistik partiya biletini yoqib yubormaganman. Men bu biletning ahamiyatini anglab yetgan holda qo‘lga kiritganman» degan Lukashenko «Belarus kommunistlari demokratiya uchun» partiyasiga a’zo bo‘ladi va tanqidiy chiqishlarini davom ettiradi.

1994 yilda prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari suradi, birinchi turda 44,82 foiz ovoz olib, ikkinchi turda V.Kebichga raqib bo‘ladi. 1994 yilning 10 iyulida bo‘lib o‘tgan ikkinchi turda 80,1 foiz ovoz olib, mustaqil Belarusning birinchi prezidentiga aylanadi. Unga qadar bu mamlakatda prezidentlik lavozimi bo‘lmagan.

«Abadiy» prezidentlik va abadiy tanqidlar

Lukashenko faqat birinchi bor lavozimni egallaganida saylov bo‘yicha tanqidga uchramagan. 2001 yilda bo‘lib o‘tgan ikkinchi prezidentlik saylovidan keyin esa YeXHT uning xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazilmaganini qayd etgan. Undan keyingi saylovlarning barchasi tanqidlar, namoyishlar va undan keyingi sanksiyalar bilan qorishib ketgan. AQSh va Yevropa bu saylovlar natijalarini tan olmagan, 2020 yilga kelib Rossiya nashrlari ham Belarusdagi natijalarni tanqid qila boshladi va namoyishlarni endi bekitishning iloji qolmadi.

Lekin shunga qaramay Lukashenko kuch bilan lavozimni saqlab qola oldi va sanksiyalarga qaramay prezidentlikni davom ettirmoqda.

Muxolifatchining havoda tutib olinishi va O‘zbekistonni ogohlantirish

Foto: t.me/bbbreaking

Shundoq ham hamisha diqqat markazida bo‘ladigan Lukashenko so‘nggi yilda ikki marta jiddiy tilga tushdi. 2021 yilning may oyida u belaruslik mashhur muxolifatchi, Aleksandr Lukashenkoning bevosita dushmani Roman Protasevich uchayotgan samolyotni tutib qolishda ayblandi. Samolyot Afinadan Vilnyusga qarab harakatlanayotgan, shunchaki Belarus ustidan uchib o‘tayotgandi. Xalqaro normalarni qo‘pol ravishda buzgan maxsus xizmatlar mamlakat hududida samolyotni to‘xtatib, yerga qo‘ndirishdi va muxolifatchi qo‘lga olindi.

Ikkinchi holat esa aynan O‘zbekiston bilan bog‘liq – KXShT yig‘ilishida qatnashayotganda u Qozog‘istondagi tartibsizliklar haqida gapira turib he yo‘q, be yo‘q bunday vaziyat O‘zbekistonda ham kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirib qoldi.

«Qozog‘istondagi vaziyatdan, avvalo, O‘zbekiston hushyor bo‘lishi kerak. Aks holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘polon tashkilotchilarining nigohi, jumladan, O‘zbekistonga qaratilgan», dedi Lukashenko.

O‘zbekiston TIV biror bayonot berishga shoshilmagan bo‘lsa-da, prezident Shavkat Mirziyoyev bosiqlik bilan vaziyatga javob qaytardi:

«Kuni kecha ba’zi davlat rahbarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealardan saboq chiqarishi lozimligi haqida asossiz bayonot berildi. Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», dedi davlat rahbari.

Batkaning bu g‘alati bayonoti aslida boshqa joyda «yozilgani», Lukashenko kim uchundir shunchaki karnay vazifasini bajarib bergani ko‘pchilik uchun tushunarli edi. Qizig‘i, bunga qadar ham g‘alati bayonotlari bilan tilga tushgan Aleksandr Lukashenko o‘zini qaysidir davlatga aql o‘rgatishga ma’nan haqli hisoblagani g‘alati.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: