Orginfo.uz sayti asoschisiga oid IIBdagi ish yopildi

Jamiyat 12:08 / 28.12.2021 13759

Davlat statistika qo‘mitasining aloqa xati bo‘yicha orginfo.uz sayti asoschi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Asaka tuman IIB tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv uning harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari bo‘lmagani sababli tugatildi. Bu haqda Andijon viloyati Asaka tumani IIB tomonidan fuqaroga yo‘llangan xatda aytiladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining aloqa xatida siz tomoningizdan «orginfo.uz» nomli sayt yaratilib, «stat.uz» sayti tomonidan chiqarilgan ma’lumotlarni o‘z saytingizga joylab kelganligingiz ma’lum qilingan. Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida sizning harakatlaringizda jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik alomati mavjud bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini ma’lum qilamiz», - deyiladi dasturchi Kun.uz’ga taqdim qilgan rasmiy xatda.

Boburmirzo Hamroqulov. Foto: github.com/bzimor.

Boburmirzo Hamroqulov orginfo.uz sayti o‘z faoliyatini davom ettirishini aytib, bundan hech qanday moddiy yoki boshqa turdagi manfaat kutmasligini yana bir bor ta’kidladi. U qo‘llab-quvvatlagani uchun OAV va blogerlarga, keng jamoatchilikka o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

«Kun.uz jamoasining surishtiruvi tufayli statistika qo‘mitasi vakillari bilan bu masalada bog‘lanib, tushunmovchilikni bartaraf qilishga imkon tug‘ildi. Qolaversa, jamoatchilikning ham bunga e’tibor qaratgani yaxshilikka xizmat qildi deb o‘ylayman.

Muhimi ko‘pchilikda oddiy bir ish orqali ham jamiyatga foydali bo‘lish mumkinligi haqida fikr paydo bo‘ldi. Balki kimlarningdir IT’ga qiziqishi yanada ortgandir», deydi u.

Eslatib o‘tamiz, bir necha hafta avval yuridik shaxslarning elektron reyestrini yurituvchi orginfo.uz sayti asoschisi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Davlat statistika qo‘mitasi kiritgan arizaga asosan ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochilgani xabar berilgan edi.

Statistika qo‘mitasi vakili dasturchi o‘zining orginfo.uz veb-sayti va qo‘mita o‘rtasida hech qanday shartnoma yoki kelishuv tuzmaganini, buning natijasida jamiyatda fuqarolar hamda xorijiy investorlar tomonidan rasmiy statistik ma’lumotlarga nisbatan turli xil tushunmovchilik kelib chiqayotganini aytgan.

Kun.uz bilan gaplashgan Andijon viloyat IIB matbuot kotibi holat yuzasidan dasturchiga nisbatan Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani hamda sud muhokamasi bo‘lishi kutilayotganini aytgan edi.

Shundan so‘ng, OAV va blogerlar hamda keng jamoatchilik dasturchi yigit tomonidaligini bildirib, Statistika qo‘mitasining ishini «Korrupsiyaga qarshi kurashga qarshi kurash» deya baholadi.

Ko‘p o‘tmay qo‘mita matbuot kotibi Davlat statistika qo‘mitasi orginfo.uz veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi tarafdori emasligini bildirib bayonot berdi va saytning kelgusi faoliyatiga omad tiladi.

«Kechagi holatdan keyin orginfo.uz veb-saytida ma’lumotlarning ostida: «Saytda berilgan barcha ma’lumotlar norasmiy. Rasmiy ma’lumotlarni tegishli davlat tashkilotlari saytlaridan olishingiz mumkin», deb yozib qo‘yila boshladi. Davlat statistika qo‘mitasi nomi orginfo.uz veb-sayti ma’lumotlaridan manba sifatida olib tashlandi. Bu uchun orginfo.uz veb-saytiga alohida minnatdorlik bildiramiz», deyilgan bayonotda.

Keyinroq Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonov ham agentlik orginfo.uz saytini 100 foiz qo‘llab-quvvatlashini, O‘zbekistonda bunaqa dasturiy mahsulotlar ko‘p bo‘lishi kerakligini aytdi. Shuningdek, u orginfo.uz bilan bog‘liq ish sudgacha yetib bormasdan hal bo‘lishiga umid bildirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: