Farg‘ona shahridagi ikki qurilish: mahalla ahli noroziligiga sabab bo‘layotgan ishlar qonuniymi?

Jamiyat 14:42 / 27.12.2021 13578

Masalaga oydinlik kiritish uchun Kun.uz muxbiri shaharning Farobiy va Sohibqiron Temur ko‘chalarida joylashgan mazkur hududda bo‘lib, aholining arziga quloq tutdi.

Quruvchilar 5 qavatga mo‘ljallangan turar joy binosi uchun kotlovan qazishgan. 2 qavatli maishiy magazin binosining esa allaqachon poydevori qurib bitkazilgan.

Murojaatchilar qurilish ishlari aholi roziligisiz amalga oshirilayotganini bildirishdi.

Nozimjon Salohiddinov. Foto: Kun.uz​​​​​

«Domimiz yonida qurilish ishlari bo‘lyapti. Bundan oilam va barcha qo‘shnilarim norozi. Sababi bu yerga «genplan»da yo‘q 5 qavatli «dom» qurilyapti. Kecha-yu kunduz texnikalar ishlab turishi oqibatida kechalari uyqu yo‘q. Hamma yoq chang-to‘zon.

Qurilayotgan yangi bino joylashuvi men yashaydigan binodan 10 metr ham chiqmaydi. Qurilish qilayotganlar bu yerdagi xalqning roziligini so‘ramasdan, o‘zlari xohlagandek ish qilyapti. Bu esa aholi qarshiligiga sabab bo‘lyapti. Viloyat, shahar hokimligi, prokuratura xodimlaridan qurilishni to‘xtatishlarini so‘rab qolamiz», — deydi N.Salohiddinov.

Maftuna Tojiboyeva
Foto: Kun.uz

«Qurilish noqonuniy tarzda bo‘lyapti. Biz yashab turgan domga qurilayotgan bino zarar yetkazyapti. 5 qavatli turar joy quriladigan bo‘lsa domimizga quyosh ham tushmay qoladi. Havo aylanmaydi. Bolalarga o‘yin maydonchasi yo‘q. Biz bu yerda qurilish bo‘lishini xohlamaymiz. Qurilish ishlarini to‘xtatib qo‘yishlarini so‘rab viloyat hokimligiga chiqdik. Hokimiyat qurilish ishlarini hozircha to‘xtatib turibdi», — dedi shu manzilda istiqomat qiluvchi M.Tojiboyeva.

Namunaxon Mamatyoqubova
Foto: Kun.uz

«Domimiz atrofida ko‘plab noqonuniy uylar ko‘payib ketgan. Ro‘paramizda ham ikkita noqonuniy bino qurilgan. Lekin har ikki binoda ham asosli hujjat yo‘q. Oila boshliqlarimiz o‘sha paytda qurilishni to‘xtatmoqchi bo‘lib harakat qilishdi. Lekin u bitib bo‘lgandi.

Endi yana yonimizga ikkita bino qurilishi boshlandi. Xavfli holatda chuqur kovlangan, shovqin bo‘ladi. Hozircha qurilish ishlarini to‘xtatib qo‘yishdi. Lekin bino qurilishi yana davom etishi mumkin», — deydi N.Mamatyoqubova.

Fuqarolardan biri binoni qurayotgan qurilish tashkiloti poydevor uchun kavlangan yerni ko‘mib berishi kerakligi, aholi bu joyga daraxt ekib ko‘kalamzorlashtirib olishini ta’kidladi.

Nigoraxon Salohiddinova
Foto: Kun.uz

«Yoz kunlarida tashqariga chiqib o‘tiramiz. Farzandlarimiz bu yerda o‘ynashadi. Qurilish ishlarida texnikalar ishlayapti. Agar bu yerda 5 qavatli uy quriladigan bo‘lsa havo aylanmaydi.

Hokimiyatga arz qilib chiqqan edik. O‘sha hududda yashovchi aholi bino qurilishiga rozi bo‘lmasa — qurilish to‘xtatiladi, deyishdi. Qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yildi. Lekin chuqurlar shundayligicha turibdi. Qazilgan joy ko‘mib qo‘yilsa, o‘zimiz bu joyga daraxt ekib obodonlashtirib olamiz. Yangi dom qurilsa, uning «stoyanka»si qayerda bo‘ladi, bilmaymiz. Bolalar o‘yingohini esa dom orqasiga quramiz deyishyapti. Biz bunga qarshimiz», — deydi N.Salohiddinova.

Hududga Farg‘ona shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Behzod Mahmudov hamda mazkur binoni qurayotgan quruvchilar yetib keldi. Boshlab yuborilgan va hozirda qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan bino haqida u quyidagilarni so‘zlab berdi.

Behzod Mahmudov, Farg‘ona shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari. Foto: Kun.uz

«Farobiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolardan kelgan noroziliklarni inobatga olgan holda bo‘lim tomonidan hududda o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, «Inter Max Stroy» MChJ xususiy korxonasiga tegishli 240 kvadrat metrdan iborat yer maydoni uning boshqa hududdagi mulki buzilishga tushgani sababli, evaziga shahar hokimining tegishli qaroriga asosan Farobiy va Sohibqiron Temur ko‘chasi kesishmasidagi yer maydoni ajratilib, ikki qavatli (birinchi qavat savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, ikkinchi qavati turar joy sifatida) qurishga ruxsat berilgan», deydi mulozim.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Mutaxassisning aytishicha, shahar hokimi qaroridan keyingi bosqichda belgilangan tartibga muvofiq viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Arxitektura rejalashtirish hujjatlari tayyorlangan. Bunga asosan hududda topos’yomka, geologiya ishlari olib borilgan.

«Loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, Viloyat qurilish bosh boshqarmasida o‘tkaziladigan shaharsozlik kengashiga loyiha taqdim etilgan. Vakolatli organlar bilan kelishilgan holatlarda tasdiqlangan.

Eng oxirgi bosqich – bizda qurilish ishlarini amalga oshirishdan avval hududiy nazorat inspeksiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak. Qurilish ishlarini boshlash to‘g‘risida xabarnoma jo‘natilgan. Shunga asosan qurilish ishlari olib borilgan.

Hozirgi kunda bu yerda ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolardan kelayotgan noroziliklarni inobatga olgan holda quruvchiga qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turishi, hujjatlari qonuniyligi qaytadan o‘rganib chiqilishi haqida ogohlantirish berilib, qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi», — dedi Behzod Mahmudov.

Bu ikki qavatli supermarket masalasida bildirilgan fikrlar edi. 5 qavatli turar joy masalasida mutaxassis shunday dedi:

«Nigmatova Shahnoza ismli fuqaroga tegishli molk-mulklar buzilishga tushgani sababli shahar hokimining tegishli qarori bilan Farobiy ko‘chasidagi davlat zaxirasida bo‘lan yer maydonida 5 qavatli turar joy qurish uchun ruxsat berilgan.

 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Mahalla faollari hamda hududda yashovchi fuqarolarning roziligini olgandan so‘ng qurilish ishlari amalga oshirilsin, degan band qo‘yib ketilganini inobatga olib, hozirgi kunda bu yerda qurilish ishlaridan norozi kayfiyatdagi insonlar ko‘paygani sababli bu quruvchimizga ham qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turishi hamda qurilish hujjatlari qonuniyligi qaytadan ko‘rib chiqilishini bildirib, ogohlantirish xati berganmiz.

Bu masalani deputatlar shaharsozlik kengashigacha qo‘yish maqsadimiz bor. Bu yerda yangi islohot olib boramiz, deb janjallar kelib chiqishi bizni qoniqtirmaydi. Komissiya xulosasidan kelib chiqib qurilish davom etadi yoki qurilish ishlari butunlay to‘xtatiladi», — dedi hokimiyat vakili.  

Foto: Kun.uz

Mutaxassis rotatsiya tufayli shu yilning may oyidan Farg‘ona shahriga ishga o‘tgani shu sabab hali loyiha hujjatlari bilan to‘liq tanishmaganini aytib o‘tdi. Biroq, kimningdir qayerdadir mulki buzilgan bo‘lsa, nega unga domlar orasida yer ajratiladi va u ajratilgan joyga kelib ko‘p qavatli uy qurmoqda?! Axir uning 5 qavatli turar joyi buzilmagandir?!

Qolaversa, shahar hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi har ikki qarorida avval qaysidir manzilda buzilgan mulk uchun evaziga yer ajratib berilayotgani aks etmagan. Foydalanmay yotgan bo‘sh yerlar esa allaqachon auksion orqali xarid qilinishi kerak.

Foto: Kun.uz

Kuruvchilar esa negadir intervyu berishni xohlashmadi.

Faqat quruvchilardan biri yangi qurilayotgan bino uchun boshqa joydan alohida gaz, svet va suv uchun liniya tortib kelishlari hamda uy qurilishiga qarshilik qilayotgan aholini rozi qilishlarini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Shaharlarda aholi soni yildan yilga o‘smoqda. Qolaversa, qishloq aholisi orasida ham shaharda yashashga intilish kuchaygan. Bu omillarning barchasi shahar markazida ko‘plab turar joylar qurilishiga bosh sabab bo‘lyapti.

Lekin aksariyat holatlarda qurilishi rejalashtirilgan bino hududida istiqomat qiluvchi aholi bunday qurilishlarga qarshi bo‘lmoqda. Uylar atrofida bo‘sh joy qolmayotgani hamda qurilayotgan yangi binolar aholiga bir qancha noqulayliklar keltirib chiqarishi asosli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Lekin, har bir qilinajak amal oldidan eng avvalo xalqni rozi qilish mezoniga amal qilish kerak emasmi?

Chindan ham qurilishi ruxsat berilgan obektlar barcha shaharsozlik me’yorlari javob beradimi? Hokimning yer ajratish to‘g‘risidagi qarori qonuniymi? Uch qavatdan baland uylar orasidagi masofa belgilangan me’yorlarga ko‘ra kamida 25 metr bo‘lishi kerak. Qaysi vajni inobatga olib, davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan me’yorlar istisno qilinmoqda?

Agar qurilish ishlarini boshlash uchun berilgan hujjatlarda noqonuniylik alomatlari bo‘lsa, Farg‘ona viloyati prokuratura organlari buni tekshirib, hoziroq o‘z xulosasini berishi kerak. Zudlik bilan qurib qo‘yilgach, uni buzish qiyin bo‘ladi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

P.S. Material tayyorlanish arafasida, mahalla ahli avvalroq bir muddat to‘xtatib qo‘yilgan qurilish ishlari yana davom ettirilayotganini bildirishdi.

Ko‘proq yangiliklar: