Kitoblar qayerda? O‘zMUda yo‘qolgani aytilayotgan qadimiy qo‘lyozmalar bilan bog‘liq vaziyat chigallashmoqda

Jamiyat 19:00 / 26.12.2021 45434

O‘zbekiston Milliy universitetining Nodir qo‘lyozmalar muzeyida saqlangan o‘nlab nodir qo‘lyozmalar va qadimiy kitoblar yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarga hamon oydinlik kiritib bo‘lmayapti.

Kun.uz'ga yetib kelgan murojaatda O‘zMU ixtiyorida bo‘lgan XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa ko‘plab nodir qo‘lyozmalar yo‘qolgani taxmin qilingandi.

Universitet rahbariyati esa bu qo‘lyozmalar yo‘qolmaganini ta’kidlamoqda. Kun.uz kitoblar taqdiri bilan qiziqib, 4 marta universitetga bordi. Ammo sayt vakillariga kitoblar ko‘rsatilmadi, ularning qayerdaligi haqida ham aniq ma’lumot berilgani yo‘q.

Voqealar rivoji

23 dekabr kuni Kun.uz'da O‘zMUdagi nodir qo‘lyozmalar masalasida surishtiruv e’lon qilindi va bu keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. 24 dekabr kuni Bosh prokuratura bu holat o‘rganilayotganini, natijasi yuzasidan alohida xabar berilishini bildirdi.

Xuddi shu kuni Milliy universitet rahbariyati qiziq ishga qo‘l urdi. Surishtiruv o‘tkazib, muammoni ko‘tarib chiqqan nashr – Kun.uz qolib, televideniye va boshqa internet nashrlar vakillari chaqirildi va ularga bir necha kitoblarni olib chiqib, bular o‘sha «yo‘qolgan yoki sotib yuborilgan» deb aytilayotgan nodir kitoblar ekanini aytib, ular yo‘qolmaganiga ishontirmoqchi bo‘lishgan. 

Quyidagi suratlarda boshqa boshqa kitoblar aks etganini ko‘rish mumkin: 

Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» asari qo‘lyozmasi.
Foto: O‘zMU kutubxonasi (arxiv)
O‘zMU rahbariyati yo‘qolgani asossiz ekanligini aytgan va ular tomonidan OAV vakillariga ko‘rsatilgan nodir kitoblar. Foto: «Daryo»

Shu kuni kunning birinchi yarmida Kun.uz muxbiri yana O‘zMUda bo‘ldi va ko‘rsatilgan kitoblarni yo‘qolganlari bilan solishtirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ammo endi mas’ullar bu kitoblarni ko‘rsata olishmadi.

Shundan so‘ng, masala yuzasidan tahririyatga murojaat qilgan, universitet magistraturasining 2-bosqich talabasi Muhammadbobur Yusupov bizni o‘sha nodir qo‘lyozmalar saqlangan, 2018 yildan buyon bo‘sh turgan xonaga olib tushdi. Garchi nodir qo‘lyozmalar xona ta’mirlanishi vaji bilan boshqa joyga olib chiqilgan bo‘lsa-da, bu yer uch yildan buyon ta’mirlanmagani ko‘rinib turibdi.

Muhammadbobur Yusupov

Kechqurungi soat 19:00larda universitet rahbariyati chaqiruvi bilan yana shu yerga qaytdik. Lekin barcha masalaga izoh bermoqchi bo‘lgan rektor Inomjon Majidov yarim soatdan ortiq vaqt davomida kitoblar yo‘qolmaganiga ishonarli dalil keltira olmadi.

Universitet rektori Inomjon Majidovning OAV vakillari bilan uchrashuvi / Kun.uz

«Bu kitoblar bor, borligi aniq. Biz bugun hattoki kitoblarni olib chiqib ham qo‘ydik, keyin o‘zimiz ham qo‘rqib ketib bir kabinetga olib kirib qo‘ydik. Kechroqqa yaqin prokuratura xodimlari ham kelgan, mutaxassislarga ham o‘qitdi. [Prokuratura xodimlari] borib uni yopib qo‘ydi. 

Men aytmoqchimanki, o‘sha kitoblarni menga ham o‘sha deyishdi. Men arab tilidayam, forsiydayam o‘qiy olmayman. Lekin u aniq bor, bizga mutaxassislar «ha, bu o‘sha kitoblar», deb aytyapti. 

Bu kitoblar yashirilmadi, biz olib chiqib qo‘yib qo‘ydik, kimlardir kelib rasmga olishdi. Uni aniqlash 5 daqiqalik ish. U kitoblarni yashirib yoki o‘rniga boshqa kitoblarni qo‘yish kabi harakatlarga moyil odam emasmiz. Bu yerda olimlar, o‘qituvchilar yig‘ilgan. Mayli, shubha qilish mumkin.

Ertaga keling. Prokuratura a’zolari bilan o‘sha kitoblarni solishtirib ko‘ring»,  dedi Inomjon Majidov Kun.uz muxbirining savoliga javoban. 

Suhbatda nima uchun 2018 yil butun boshli bino ta’mirlanganda bu muzey ta’mirlanmay qolib ketgani, nega nodir qo‘lyozmalar muzeyidagi inventarlar ro‘yxati jamoatchilikka ko‘rsatilmayotgani kabi savollar ochiq qoldi. Shuningdek, rektorning buyrug‘ida ishchi guruhga qayta xatlovdan o‘tkazish uchun berilgan bir haftalik muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, nega xulosalar hamon taqdim etilmayotgani ham noma’lumligicha qolmoqda.

Inomjon Majidov / Kun.uz

Universitetdagilar maqolada nomlari keltirilgan 3ta noyob kitob yo‘qolmaganini qayta-qayta ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, ularni na Kun.uz'ga ko‘rsatdi va na universitet matbuot xizmati tomonidan berilgan raddiyada kitoblar suratlari e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Inomjon Majidov o‘sha kitoblar prokuratura ixtiyoriga berilgani, keyingi kuni kelib ko‘rib olish mumkinligini aytgandi. Ammo 25 dekabr kuni ham universitetdagi mas’ullar prokuratura mutaxassislar bilan nodir kitoblarni qayerda o‘rganayotganini bilmasliklarini aytishdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati esa mas’ul xodimlar universitetda ekanligi, lekin aynan qayerda ish olib borayotganini bilmasligini aytish bilan cheklandi.

Bir necha kundan beri shuncha OAV vakillarini chaqirib, kitoblarni ko‘rsata olmasdan, qanday qilib o‘zini oqlash mumkin, bu endi O‘zMU rahbariyatining vijdoniga havola. Bosh prokuratura kitoblarni ko‘rsatishga shoshilmayotgani ham shubhalarni oshirmoqda.

Mamlakat yoshlarini ziyoli qilish uchun mas’ul bo‘lgan eng katta ta’lim dargohida shunday shubhali ishlar bo‘layotgani achinarli holat.

Savollar hamon ochiq: Yo‘qolgani gumon qilinayotgan o‘sha 3ta noyob kitob hozir qayerda? Agar ular yo‘qolmagan bo‘lsa nega ular ko‘rsatilmayapti?

Farrux Absattarov, Kun.uz muxbiri

 

Ko‘proq yangiliklar: