O‘zMU kutubxonasidan yo‘qolgan bo‘lishi taxmin qilinayotgan o‘nlab nodir qo‘lyozmalar bilan bog‘liq holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda. Bu haqda bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
O‘rganish natijalari haqida alohida xabar berilishi bildirilgan.
Kun.uz saytida 23 dekabr kuni 2019 yildagi ta’mirlash ishlaridan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetining nodir qo‘lyozmalar saqlanadigan muzeyi faoliyati tiklanmagani haqida xabar berilgan edi.
Tahririyatga murojaat qilgan vaziyatdan xabardor shaxslarning aytishicha, nodir kitoblar va qo‘lyozmalar saqlanayotgan muzey 3 yildan buyon qayta ochilmayotgani u yerdagi qimmatbaho va o‘ta nodir hisoblangan 100dan ortiq kitoblar sotib yuborilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Xususan, jahon bozorida bahosi bir necha million dollarga yetadigan, XIII asrga oid Abu Bakr Sobuniyning qo‘lyozma asari, Sharafiddin Ali Yazdiyning XV asrda yozilgan «Muqaddimai Zafarnoma» qo‘lyozma kitobi, Alisher Navoiyning tilla suvi yuritilgan «Xamsa» dostoni va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar qayerdaligi noma’lum.
O‘zMU rektorati vaziyat yuzasidan izoh bermadi.