“Bozordagi sun'iy to‘siqlar olinishi kerak” - iqtisodchi benzin narxi oshishi sabablari va yechimlar haqida

Iqtisodiyot 17:09 / 20.11.2021 30572

Benzin – O‘zbekistonda yil boshidan beri narxi eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlardan biri. O‘zbekistondagi benzin narxlari Turkmaniston va Qozog‘istonga qaraganda qariyb 2 barobar qimmat.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda muammo yechimi uchun mas'ullar nimalarga e'tibor qaratishi kerakligi borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Benzin narxi o‘sishiga katta ta'sir qilgan omillar qaysilar?

Eng muhimi – talab va taklif o‘rtasidagi munosabat. O‘zbekistonda talab bilan taklif o‘rtasida katta nomutanosiblik bor. Buning ortidan narxlar oshib borishiga keng imkoniyat yaratib berilgan. Bu qanday imkoniyatlar?

Birinchi navbatda, neft va neft mahsulotlarini import qilish yo‘lidagi to‘siqlar. Ya'ni import qilish uchun korxonalar maxsus litsenziya olishi kerak. Buning uchun esa juda og‘ir talablar qo‘yilgan. U talablarni bajarishning o‘zi murakkab. Bajarilgan taqdirda ham u talablarga rioya qilishda ayrim muammolar bor. Umuman olganda, import bilan shug‘ullanaman degan har bir korxona erkin harakat qila olmaydi va bir necha tahdidlarni bo‘yniga olishiga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun neft va neft mahsulotlarini import qiladigan korxonalar sonini sanash uchun bir qo‘limizning barmoqlari ham yetadi.

Ikkinchi ta'siri, bugungi kunda neftni qayta ishlash zavodlari Buxoro va Farg‘onada bor va ularda benzin ham ishlab chiqariladi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘zining mahsulotini ilgari kichik-kichik lotlar bilan sotgan bo‘lsa, endilikda katta-katta hajmda sotmoqda. Uni faqat neft bazalarida olish imkoniyati bor. Chunki ularda aylanma mablag‘lar katta.

Kichik-kichik benzin shoxobchalari esa bunday katta hajmdagi mahsulotni sotib ololmaydi va o‘yindan chiqib ketadi. Oqibatda katta neft bazalari mahsulotga o‘z ustamalarini qo‘yib, istagan narxda sotmoqda. Sun'iy ravishda narxlarni ko‘tarib yuboryapti.

1 litr benzin 1 dollarga yaqin bo‘lishi, to‘lov qobiliyatimizni cheklovchi jihatlardan.

Bugungi kunda neft mahsulotlari, xususan benzin narxi oshib ketishi, bu – bozordagi sun'iy va monopolistik cheklashlar oqibati.

“O‘zbekneftgaz” va Iqtisodiyot vazirligi birgalikda bu muammoni bemalol hal qilsa bo‘ladi va narxni ilgarigi darajaga tushirish mumkin.

O‘zbekiston bilan atrofdagi regional bozorlardagi benzin narxlari juda katta farq qiladi. Agar shu mahsulotlar Turkmaniston, Qozog‘iston yoki Rossiyadan bevosita cheklovlarsiz olib kirilsa, o‘ylaymanki, narxlar tezda tushib ketardi. Haqiqiy raqobatbardosh bozor bo‘lsa, narxlar pasayadi albatta.

Bu – bemalol hal qilsa bo‘ladigan masala, lekin nega hal qilinmayapti? Chunki bu yerda kimlarningdir iqtisodiy manfaati bo‘lishi mumkin.

Statistikaga qarasak, bir necha yillar davomida neft va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi kamayib boryapti. Chunki O‘zbekistonda depozitlar kamaymoqda.

Import hajmini oladigan bo‘lsak, u aholi va transport vositalari sonining o‘sish sur'atiga mos kelmagan darajada o‘sib boryapti. Ya'ni taqchillik mavjud.

Nima uchun “O‘zbekneftgaz” xodimlari yoki Iqtisodiyot vazirligi mutasaddilari buni ko‘ra bilaturib, shunga yarasha choralar ko‘rmayapti? Buni men aytib bera olmayman.

Import qilishga majburmiz. Chunki bizda iste'molga yetarli darajada neft mahsulotlari yo‘q. Birdan bir chora import. To‘g‘ri, yangi konlarni qidirib topib, ularni ishga tushirish mumkindir, lekin bu tezda hal bo‘ladigan ish emas.

— Benzin narxining oshishi iqtisodiyotga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Avtomobil transportini oladigan bo‘lsak, ular benzin, mazut va gazda yuradi. Sanoat transporti mazutda, qisman benzinda, shahar transporti esa ko‘proq benzinda yuradi. Benzin narxining oshishi bularning tashish narxlariga bevosita ta'sir qiladi. O‘ylaymanki, buning oqibatida yuk tashish narxlari kamida 40-45 foizga o‘sib ketadi. Chunki ularning eng asosiy xarajatlari yonilg‘i (benzin va solyarka) bilan bog‘liq.

Tashish narxlari o‘sib ketganidan keyin birinchi navbatda oziq-ovqat va xizmatlar narxlari o‘sadi. Negaki, shu sohalarda aylanish sikllari juda tor bo‘ladi.

O‘zbekistonda umumiy iqtisodiy tendensiya doim shunday bo‘lganki, yonilg‘i energetika resurslari narxlari o‘sishi bilan birinchi oziq-ovqat, keyin xizmatlar narxlari qimmatlashadi. Xususan, kommunal xizmatlar narxi birdaniga o‘sib ketadi.

Yaqinda Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda gaz va elektr narxlari 25-30 foizga o‘sishi mumkin, degan xabar chiqardi. Agarda gaz va elektr energiyasining narxi oshadigan bo‘lsa, hamma sohalarda kamida 30 foiz o‘sish yuzaga keladi. Chunki biridan biriga o‘tganda faqatgina elektr energiya, neft va neft mahsulotlari narxidagi o‘zgarish emas, ularning ustiga qo‘yilgan ustamalarning ham narxi o‘sib ketadi. Chunki hech kim mahsulotni foydasiz sotmaydi.

Umuman olganda, narxlardagi o‘sishlar qishloq xo‘jaligi va sanoatda strukturaviy o‘zgarishlar yuz berishiga olib keladi. Investitsiyalar keskin kamayadi. Iqtisodiyot iste'molga ishlaydigan bo‘lib qoladi. Bu judayam katta iqtisodiy talafotlarga olib kelib, umumiy ko‘rinishda mamlakat iqtisodiy o‘sish sur'atlarida keskin pasayish bo‘ladi, deb qo‘rqaman.

— Narxlar o‘sishi daromadi kam aholiga qanday ta'sir ko‘rsatadi?

Moliya vazirligi daromad solig‘ini kimdan yig‘yapti deyilsa, 40 foizdan ortig‘i 2 million so‘mgacha oylik daromad oladigan soliq to‘lovchilardan yig‘ilarkan.

Yaqinda Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovlardan shu ma'lum bo‘ldiki, daromadi 3 million so‘mgacha bo‘lgan aholi bankdan kredit olish ishtiyoqida. Ya'ni ular juda ham muhtoj ahvoldaki, “bir amallab kredit olsak, uni qaytarish keyin bir gap bo‘lar”, degan fikrda. Narxlar o‘sishi birinchi bo‘lib ana shularga ta'sir qiladi.

Aytaylik, kommunal xizmatlar narxlari oshgach, uni albatta to‘lash kerak. Elektr, gazga to‘lash lozim. Buning oqibatida oziq-ovqat va kiyim-kechakka bo‘ladigan talab kamayadi. Va bu sohalarda inqiroz yuzaga kelishi mumkin.

Agar oziq-ovqat va kommunal xizmatlar narxi o‘sishi 30 foiz bo‘lsa, aholining kambag‘allashuvi 10-20 foizga o‘sib ketadi.

— Shunday vaziyat yuzaga keladigan bo‘lsa, qanday iqtisodiy choralar ko‘rgan ma'qul deb o‘ylaysiz?

Agar kommunal xizmatlar va elektr energiya narxlari o‘sadigan bo‘lsa, eng muhim yechim – aholiga birinchi navbatda kompensatsiya beruvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlarni budjetga masala qilib qo‘yish kerak.

Ikkinchidan, budjet tarkibida turli investitsion va boshqa subsidiyalarni keskin kamaytirish kerak. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga hech qanday subsidiyalar bo‘lmasligi, investitsion mablag‘larni budjet qoplab berishi kerak emas.

Bularning o‘rniga aholiga bevosita yordam beradigan, aholining iste'mol darajasini kengaytiradigan xarajatlarni rejalashtirish zarur. Agar bu masala hal etilmasa, ijtimoiy tanazzul oshib boradi. Jamiyatda norozilik kayfiyati kuchayadi.

— Fikringizcha, Energetika vazirligi oldida qanday vazifalar turishi kerak?

Avvalo, Energetika vazirligi xalqaro investorlar bilan tuzgan shartnomalarini qaytadan ko‘rib chiqishi lozim. Ularning ichida O‘zbekiston xalqi manfaatiga xizmat qiladigan moddalarni kuchaytirish kerak.

Investitsion xarajatlarni ham qaytadan ko‘rib chiqishi zarur. Ya'ni birdaniga, qisqa muddatda va arzon xarajatlar bilan tez effekt beradigan loyihalarga e'tiborini qaratishi kerak.

Atom energetikasi haqida o‘ylash kerak emas. U 10-15 yilda hal bo‘ladigan narsa.

Bizga hozirgi kunda aholining elektr energiyasi iste'molini qondiradigan loyihalarni o‘ylash kerak. Bu faqat IES, quyosh va shamol stansiyalari, kichik-kichik GRESlar bo‘lishi mumkin. An'anaviy energetika resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish kerak.

Eksport bilan import o‘rtasidagi balansni qayta ko‘rib chiqish lozim. Konlarda ishlab chiqarish samarasini keskin oshirish kerak. Buning uchun albatta, texnik imkoniyatlar va ishchilar malakasini oshirish zarur.

Energetika vazirligi mamlakatimizning eng erka “farzandi” bo‘lib qoldi! “Farzand”ni erkalatgan sari uning ehtiyoji ko‘payib boraveradi-ku! Lekin o‘shanga yarasha so‘rov bo‘lmayapti.

Masalan, nega GTL zavodi shu paytgacha ishga tushmadi? Ishga tushgan bo‘lsa, qanday mahsulotlar ishlab chiqarmoqda va uning tannarxi qanaqa? 3,7 mlrd dollarning natijasi qachon ko‘rinadi?

Ularni nazorat qiladigan organ kim o‘zi? Energetika vazirligimi? Ya'ni o‘zi loyihani qilib, o‘zini o‘zi nazorat qilyaptimi? Ularning moliyaviy, texnik va iqtisodiy jihatdan nazorati e'tibordan chetda qolyapti.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: