Jyek Ma o‘z kompaniyasidagi ulushini sotishi mumkin – OAV

Jahon 16:06 / 19.04.2021 3711

 Alibaba kompaniyasining shu'basi bo‘lgan Ant Group kompaniya asoschisi Jyek Maning o‘z ulushini sotishi imkoniyatini o‘rganmoqda, deb yozadi Reuters.

OAVning ma'lumot berishicha, Xitoy markaziy banki, xalq banki va bank ishlarini tartibga solish komissiyasi (CBIRC) mansabdor shaxslari yanvardan martgacha Ant Group vakillari va Jyek Ma bilan alohida muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvlarda uning kompaniyadan chiqish imkoniyati muhokama qilingan.

Kompaniya Maning milliardlab dollarga baholanayotgan ulushi Ant yoki Alibaba Group Holding investorlariga sotilishini ko‘zlagan.

Ammo regulyatorlar ulush Ma bilan aloqador hech kimga sotilishiga yo‘l qo‘yilmasligini va uning biznesdan to‘liq chiqishi kerakligiga ishora qilgan. Yechim sifatida esa ulushini Xitoy hukumatiga aloqador investorga berish taklif etilgan.

Hozirda Ant Group aksiyalarining 10 foizi Jyek Maga tegishli. Uning Hangzhou Yunbo investitsiya kompaniyasi esa Ant aksiyalarining 50,5 foiziga ega bo‘lgan ikki tashkilotni nazorat qiladi.

 Avvalroq Alibaba kompaniyasi monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgani uchun 2,78 milliard dollar miqdorida jarimaga tortilgandi.

 XXR hukumati va Alibaba o‘rtasidagi keskinlik Jyek Maning o‘tgan yil oktyabrda xalqaro moliyaviy regulyatorlar qoidalari eskirganini aytib, Xitoy banklarini tanqid qilganidan so‘ng boshlandi.

 Dekabrda Xitoy regulyatorlari Ant Group’ni shaffof raqobat prinsiplarini va iste'molchilar huquqlarini buzganlikda aybladi. 24 dekabrda esa Alibaba ustidan tekshiruv boshlangani ma'lum qilindi.

 

Ko‘proq yangiliklar: