«Qashqadaryoda AstraZeneka va ZF-UZVAK 2001 vaksinalari mavjud» - viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot anjumani o‘tkazdi

O‘zbekiston 17:21 / 17.04.2021 830

Qarshi shahridagi «Jurnalistlar uyi»da «Qashqadaryoda o‘tkazilgan tibbiy xatlov va antropometriya tadbirlari sarhisobi hamda koronavirusga qarshi emlash jarayoni» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda birinchi bo‘lib viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov viloyatda o‘tkazilgan tibbiy xatlov natijalari xususida taqdimot asosida ma'lumot berdi. 

Qayd etilishicha, tibbiy xatlov jarayonida tibbiy brigadalar tomonidan viloyat aholisining 3 293 485 nafari, shundan 2 119 941 nafar (64 foiz) kattalar, 1 170 782 nafar (36 foiz) bolalar qamrab olindi. Viloyatdagi mavjud 624 457 ta xonadonda yashovchi fuqarolar tibbiy xatlovdan o‘tkazildi.

«O‘rganish natijalari tahlil qilinganida  2 119 941 nafar katta yoshdagi aholi orasida  807 487 (38,1 foiz) nafarida ortiqcha vazn, 338 650 (16 foiz) nafarida semizlik borligi aniqlandi. Xatlov o‘tkazilganlardan 1 056 572 nafari (49.8 foiz) meva va sabzavotlarni, 791 976 nafari (37,4 foiz) shirinliklarni, 1 307 090 nafari  (61,7 foiz) yog‘li ovqatlarni, 703 478 nafari (33,2 foiz) tuzli ovqat mahsulotlarini me'yoridan ko‘p iste'mol qilishi ma'lum bo‘ldi», — deydi R.To‘lakov.

Matbuot anjumanida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari O‘lmas Yo‘ldoshev koronavirusga qarshi emlash jarayoni xususida asosiy ma'lumotlarni yetkazdi. Ma'lum qilinishicha, viloyatga 17 mart kuni 52 000 doza AstraZeneka va 29 mart kuni 54 800 doza ZF-UZVAK 2001 vaksinalari olib kelingan. Vaksinalar taqsimot asosida hududlardagi oilaviy poliklinikalar emlash xonalariga yetkazilgan.

«Birinchi navbatda emlanadigan 65-74 yosh, 75-84 yosh, 85 yoshdan kattalar hamda tibbiyot xodimlarining ro‘yxati emlash.uz dasturida onlayn shakllantirildi va ularni emlash uchun vaksinalar taqsimlandi. 1 apreldan vaksinatsiya jarayonlari boshlab yuborildi. 

  • Birinchi navbatda 330 375 nafar aholini emlash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan koronovirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan, 65-74 yoshgacha bo‘lgan 90 052 nafar, 75-84 yoshgacha bo‘lgan 29 190 nafar va 85 yoshdan yuqori,  uzoq umr ko‘rayotgan  8 390 nafar aholi, xuddi shuningdek 18 yoshdan 65 yoshgacha surunkali kasalliklari bor 181 497 nafar aholi; 
  • Ikkinchi navbatda 35 302 nafar tibbiyot xodimi, uchinchi navbatda 68 922 nafar maktabgacha ta'lim va maktablarda xizmat qilayotgan xodimning profilaktik emlash bilan qamrab olinishi ko‘zda tutilmoqda», — deydi O‘.Yo‘ldoshev.

Tadbir so‘ngida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Ko‘proq yangiliklar: