Agrosanoat majmuida suv iste'moli qat'iy hisobga olinadi

O‘zbekiston 08:50 / 17.04.2021 2488

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Suvdan foydalanish va suv iste'molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat bilan suvdan foydalanish va suv iste'molida suv resurslari hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, ushbu nizom 1.10.2021 yildan boshlab amalga kiritiladi.

Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • suvdan foydalanish va suv iste'molida suv resurslari hisobotini yuritishning shaffof tizimi;
  • suvdan foydalanish va suv iste'molida suv resurslari hisobotini yuritishda zamonaviy AKTni joriy etish;
  • suv resurslari sohasida monitoringni yuritish tartibi.

Belgilanishicha, suvdan barcha maxsus foydalanuvchilar va maxsus suv iste'molchilari (kommunal suv ta'minoti tizimidan suv oluvchi suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilaridan tashqari) suvdan foydalanish va suv iste'moli to‘g‘risidagi hisobotlarni 1.10.2021 yildan boshlab elektron shaklda yuritadi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga quyidagi vazifalar topshirildi:

a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, DSQ, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

1.07.2021 yilga qadar suvdan foydalanish va suv iste'moli to‘g‘risidagi hisobotlarni elektron shaklda yuritishni ta'minlovchi dasturiy ta'minot yaratish;

1.09.2021 yilga qadar suvdan foydalanish va suv iste'moli to‘g‘risidagi hisobotlarni elektron shaklda yuritish bo‘yicha dasturiy ta'minotdan foydalanish to‘g‘risida yo‘riqnoma ishlab chiqish, tasdiqlash hamda suvdan foydalanuvchilar va suv iste'molchilari tomonidan ushbu dasturdan foydalanish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quvlarni tashkil qilish;

b) DTni respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar tasdiqlangan xarajatlar smetasida rejalashtirilgan mablag‘lar yoki chet el (xalqaro) granti hisobidan ishlab chiqish va amalga oshirish choralarini ko‘rish;

v) DSQ bilan birgalikda suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha 2021 yilda jadval bo‘yicha joylarda ko‘rgazmali amaliy seminarlarni tashkil qilish.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, shuningdek suvdan foydalanish va suv iste'molida suv resurslarining hisobi va hisobotini yuritish yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatish topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: